Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir va yoshlar uchrashuvi: 24 nafar talabaga har oyda 1 milliondan stipendiya beriladi (video)

Avval xabar berganimizdek, 13 fevral kuni IT-Park shou-rumida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov axborot texnolgiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar bilan uchrashdi. «Xabar.uz» yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan videolavha tayyorladi.

«Galstuksiz» o‘tgan uchrashuvda videokonferensaloqa tizimi orqali qariyb 400 nafardan ortiq sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar, talaba-o‘quvchilar, soha tashkilotlari rahbar-xodimlari ishtirok etdi. 

Foto: «Xabar.uz»

Hozirda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida 7359 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 56 nafari chet el oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan. E’tiborlisi, o‘tgan yilda sohada 2 ming nafardan ortiq ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi.

Uchrashuvda AKT vazirligining Raqamli strategik rivojlantirish boshqarmasida bosh mutaxassis lavozimida ishlab kelayotgan Yodgarov Laziz Ulug‘bek o‘g‘li vazirlik yoshlar boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi sifatida saylandi.

Tadbir davomida Koreya, Hindiston va Belarus davlatlaridan jalb qilingan ekspertlar chiqishlar qilishdi. Erishgan yutuqlari haqida O.Pekos, Sh.Zokirov va D.Halimovalar so‘zlab berishdi.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Shuningdek, uchrashuvda AKT vazirligining «Minnatdorlik» sertifikati 24 nafar yoshga berilgan bo‘lsa, yana shuncha nafar talabaga vazirlik stipendiyasini olishga guvohnoma berildi. Endi 24 nafar talaba 10 oy mobaynida 1 million so‘mdan ziyod vazirlik stipendiyasini oladi. O‘z navbatida, tadbirda «O‘zbektelekom» AKning ham bir guruh eng faol yosh xodimlari diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Foto: «Xabar.uz»

Soha vakili Baxtiyor Mahkamov «Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti» ixtisosligi bo‘yicha O‘zbekistondagi eng yosh professor hisoblanadi. U iqtisodiyot fanlari doktori, professor bo‘libgina qolmay,  respublikamizda fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengashning eng yosh a’zosi hamdir. Ilmiy yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishgan yoshlardan yana biri Muhriddin Muhidinov. U ham o‘tgan yili texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. Ana shu yosh olimlarga ham vazirlikning maxsus sovg‘alari topshirildi.

Foto: «Xabar.uz»

Ochiq o‘tgan muloqot yakunida yoshlar uchun IT-Park hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring