Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vestminster universitetida Ucell laboratoriyasi ochildi (video)

Vestminster universitetida Ucell laboratoriyasi ochildi (video)

Foto: Xabar.uz

Bugun, 30 dekabr kuni Toshkent xalqaro Vestminster universitetida yangi Ucell-laboratoriya loyihasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ucell-laboratoriya – COSCOM MChJ (Ucell savdo belgisi) va Toshkent xalqaro Vestminster universiteti (TXVU)ning yosh iste’dodlarni rivojlantirish va bo‘lajak mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyiha.

Joriy yilning avgust oyida Ucell kompaniyasi va TXVU o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangandi. Mazkur memorandum o‘zaro hamkorlik strategiyasini ishlab chiqishda poydevor vazifasini o‘tadi: yaqin kelajakda amalga oshiriladigan asosiy bosqichlar belgilab olindi.

Universitetning yangi binosi asosida Ucell-laboratoriya loyihasini amalga oshirish ustuvor vazifalardan biri edi. Ucell-laboratoriya – axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi, shuningdek, menejment va marketing yo‘nalishida tajriba almashish hamda bilim olish imkoniyati.

Farhod Nurmuhamedov, «COSCOM» MChJ Bosh direktori o‘rinbosari:

– Bugun yangi loyiha ochilishiga men bilan birga Ucell xodimlari va Vestminster universiteti talabalari kelishdi. Bugun ular bo‘lim va boshqarmalar rahbari sifatida kompaniyalarning yetakchi lavozimlarida mehnat qilib kelishmoqda. Biroq biz 28 avgustda imzolagan va ayni paytda ish olib borayotgan memorandumning maqsadlari Ucell yoki AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlash bilan cheklanib qolmaydi. Masalan, kompaniya ko‘ngillilari Toshkent, Termiz, Qarshi va Navoiy shaharlarida yuzlab daraxtlar o‘tqazishganida, hech kim bu daraxtlar soyasida faqat Ucell a’zolari dam oladi, deb o‘ylamagan-ku. Xuddi shunday Ucellning Vestminster universiteti rivojiga qo‘shayotgan hissasi butun O‘zbekiston va barcha sohalarda kuchli kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Bahrom Mirqosimov, TXVU rektori:

 – Toshkent xalqaro Vestminster universitetining maqsadi – O‘zbekiston, umuman, Markaziy Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan xalqaro ta’lim standartlari hamda ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini ta’minlashdan iborat. Ucell-laboratoriya loyihasi talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi ta’limiy, ilmiy va innovatsion imkoniyatlarni taqdim etadi. Eng muhimi, bu mobil aloqa tarmoqlarini boshqarish va innovatsion yechimlarni yetkazib berishda bilim va ko‘nikmalarni amaliy jihatdan qo‘llash imkonini beruvchi platforma.

TXVU bilim berish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini innovatsion yechimlar orqali integratsiya qilishda o‘qituvchi va talabalar uchun noyob imkoniyatlarni yaratmoqda. Universitet Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda talabalarga malaka oshirish hamda ishga joylashish imkoniyatlarini taqdim etadi.

SAP kompaniyasi (Germaniya) bilan hamkorlikda yaratilgan Innovatsion tadbirkorlik laboratoriyasi (innoWIUT Entrepreneurship Lab) xalqaro darajadagi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, zamonaviy AKT va innovatsion biznes yechimlar sohasida amaliy tadqiqot faoliyatini kengaytiradigan platforma bo‘lib xizmat qiladi. Karerani rivojlantirish markazi (Career Centre) – talaba va bitiruvchilarnining ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi platforma. Hozirga kelib 400 dan ortiq xususiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatilgan.

Diqqatga sazovor yana bir muhim fakt: o‘tgan yili TXVU bitiruvchilarining 90 foizi universitetni bitirganidan keyin uch oy ichida ishga joylashdi.

Ucell bilan hamkorlikdagi laboratoriya loyihasi telekommunikatsiyalar sohasida «professionallar fabrikasi»ni yaratishga poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Hozirda laboratoriya ma’ruzalar, taqdimotlar, trening va seminarlar hududi, mustaqil bilim olish va o‘zini o‘zi rivojlantirish, shuningdek, kreativ fotozona kabilarni o‘z ichiga oladi.

Laboratoriyada interaktiv va ko‘p tarmoqli ta’limning yangi tendensiyalari ko‘zda tutilgan: video materiallarni ko‘rsatuvchi ekran, maxsus interaktiv elektron doska (whiteboard), kitob almashish javonlari (book crossing). Bularning barchasi ijobiylik hamda yaxshi kayfiyat quvvati bilan to‘lib-toshgan: ijobiy emotsiyalar ma’lumotni yaxshiroq o‘zlashtirishga va samarali ta’lim olishga yordam beradi. Laboratoriya auditoriyasining transformatsion xususiyati yirik tadbirlar bilan bir qatorda, kichik guruhlarda vorkshoplar ham o‘tkazish imkonini beradi.  Bundan tashqari, xonalarning ekologik jihatiga ham e’tibor qaratilgan – ko‘plab tabiiy o‘simliklar kislorod muvozanatini saqlab turadi.

Bugun hamkorlikning kelgusi bosqichlari ham muhokama qilindi. Yangi 2021 yilda ham tajriba almashish, yoshlarning axborot hamda telekommunikatsiya texnologiyalari sohasiga qiziqishini rivojlantirish maqsadida Ucell xodimlari bilan talabalarning uchrashuvlarini o‘tkazish tajribasi davom ettiriladi. Bu kabi muntazam uchrashuvlar talabalarga kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishish va Ucell da amaliyot o‘tash uchun muvaffaqiyatli nomzod bo‘lish imkoniyatini beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring