Video: Elektron raqamli imzo nima, uni qanday olish mumkin?
Hozir ko‘pchilik Elektron raqamli imzo (ERI) olishga qiziqmoqda. Sababi u deyarli hammaga kerak. Birgina davlat xizmatlaridan onlayn foydalanib, raqamli imzo qo‘yish orqali qancha ovoragarchiliklardan qutulasiz.
Elektron raqamli imzo nima o‘zi? Bu elektron raqamli hujjatning haqiqiyligini, uning ma’lum bir shaxsga mansubligi va tarkibining o‘zgarmasligini tasdiqlovchi elektron raqamli belgilar majmuidir.
Elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo qog‘oz hujjatga qo‘yilgan an’anaviy imzo bilan bir xil ahamiyatga ega.
Bu turdagi imzoni Davlat xizmatlari agentligi, E-imzo.uz sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan olish mumkin.
Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi jamoasi elektron imzoni Yagona portaldan olish jarayoni haqida videoqo‘llanma tayyorladi.
Buning uchun shaxsiy kabinetingizga kirib, elektron kalit olish bo‘limiga o‘ting.
Soliq to‘lovchining identifikatsion raqami va telefon raqamingiz to‘g‘ri joylanganiga ishonch hosil qiling.
Spamdan himoyalanish uchun misol javobini yozing.
Telefon raqamingizga sms orqali kelgan kodni kiritib, tasdiqlang.
Keyingi sahifada pasportingiz suratini yuklang. Namunada ko‘rsatilganidek, pasportingiz bilan selfi oling va uni portalga joylang.
Elektron raqamli imzoni saqlash joyini tanlang. Ya’ni diskeys papkasini yarating va yangi kalit so‘z shakllantiring. Uni tasdiqlash uchun takroran kiriting. Ariza bitimi bilan tanishib chiqqach so‘rovni yuboring. So‘ngra yuqorida yaratilgan kalit so‘zni yozing. O‘zingizga qulay to‘lov tizimidan foydalanib, davlat bojini to‘lang.
Arizangiz bir ish kunida ko‘rib chiqilib, SMS xabar yuboriladi. «Mening arizalarim» bo‘limida arizangiz holatini tekshiring. Sertifikat bilan tanishib chiqib, tasdiqlang. So‘ngra kalit so‘zni kiriting. Jarayon yakunida elektron raqamli imzo kalitini yuqorida yaratilgan diskeys papkasida ko‘rishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter