Yulduz Xo‘jayeva nega Kanadaga o‘qishga ketgani, Toshkentdagi «g‘alati qoida», tekin noutbuk va boshqalar haqida

«Xabar.uz» chet eldagi vatandoshlarimiz bilan intervyularini davom ettiradi. Vatandoshimiz Yulduz Xo‘jayeva Kanada universitetlari reytingida 10-o‘rinda turuvchi Dalhauz universiteti (Dalhousie University, Galifaks) magistraturasida tahsil olmoqda. Bakalavriaturani esa 2018-yili Toshkentdagi INHA universitetida tamomlagan (Kompyuter fanlari va muhandisligi).
— Yulduz, axborot texnologiyalari sohasini tanlashingizga nima turtki bo‘lgan?
— Bolaligimdan matematika va fizikaga qiziqqanman. Qiyin masalalarga yechimlar topishga qiziqardim: xoh u teorema bo‘lsin, xoh fizikadagi biror bir qonun. Kelajakda ham mazkur fanlarga taalluqli soha mutaxassisi bo‘lishni niyat qilardim.
2014-yili Toshkent shahrida INHA universiteti ochilayotganini eshitganimdan so‘ng, tarozining pallasi axborot texnologiyalari tomonga og‘ib ketdi. Shunday qilib, 2014—2018-yillarda INHAda tahsil oldim.
Umuman olganda, asrimizda muvaffaqiyatga erishish uchun chet tillarini, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganish muhim, deb o‘ylayman.
— Nega magistraturani aynan Kanadada olishga qaror qilgansiz? Bu mamlakat qanday ta’lim imkoniyatlarini beradi?
— Magistraturada o‘qishdan oldin bir necha sabablarni hisobga oldim. Birinchidan, O‘zbekistonda Kompyuter fanlari (Computer Science) yuqori darajada rivojlanmagan: Sun’iy ong (Arificial intelligence) va Kiberxavfsizlik (Cybersecurity) hali boshlang‘ich bosqichlarda. Ikkinchidan, men har doim magistraturani asosiy tili ingliz tili bo‘lgan davlatda o‘qishni xohlab kelganman. Barchaga ma’lumki, Kanadaning rasmiy tili ingliz hamda fransuz tillari hisoblanadi. Uchinchidan esa, Kanada universitetlari ilmiy ishlar miqyosi (research output), professorlar sonining talabalar soniga nisbati, xalqaro talabalarning soni bo‘yicha jahonda yuqori o‘rinda turadi. Shuningdek, Kanada hukumati hamda universitetlar boshqa davlatdan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun ham grantlar ajratadi. Shu yili men o‘qishim hamda yashash xarajatlarimni qoplab beradigan «Study in Canada Scholarship» grantining sohibasiga aylandim.
— Ilmiy ishingiz qanday muammo yechimiga qaratilgan?
— Shu yil sentyabr oyidan boshlab ilmiy ish bo‘yicha menga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib boradigan professor bilan mavzu tanlashga kirishdim va «Tarmoqdagi hujumlar va xatoliklarni o‘rganish algoritmlari yordamida aniqlash» (Network Anomaly detection using Machine Learning algorithms) mavzusiga to‘xtaldik. Bu ilmiy ish tarmoqdagi (asosan internetdagi) kiberhujumlarni aniqlash, ularning qanday turdagi hujum ekanligiga aniqlik kiritish hamda ularning oldini olish uchun xizmat qiladi. Ilmiy ishning asosiy maqsadi nafaqat kiberhujum, balki tarmoqda ro‘y berayotgan har qanday noodatiy harakatni aniqlashning yangi, eng samarali usulini topishdir.
— Kanadaning qanday tajribalarini O‘zbekistonda ham joriy etish mumkin deb o‘ylaysiz?
— Nazarimda, Kanadada ilmiy ishning ahamiyati juda katta. Qanday tashkilot (davlat yoki xususiy kompaniya) bo‘lishidan qat’i nazar, agar biror-bir muammoga innovatsion yechim kerak bo‘lsa, birinchi o‘rinda, muammo atroflicha o‘rganilib, tadqiqot, ilmiy ishlar olib boriladi va shundan keyingina muammoga yechim topiladi. Masalan, biror kompaniya o‘zining ish jarayoniga, ishlab chiqarishiga oid muammo uchun yechim topmoqchi. Aytaylik, bu kompaniyaning «Facebook» yoki «Google»da bo‘lgani kabi o‘zining tadqiqot markazlari yo‘q. Shuning uchun ushbu kompaniya biror-bir universitetga ilmiy ish qilib berishi uchun murojaat qiladi yoki buyurtma beradi. Universitetning tadqiqotchi olimlari, professorlari muammoni o‘rganib chiqib, faktlar va olib borilgan tadqiqotlar natijasiga asoslangan holda mumkin bo‘lgan yechimlarni kompaniyaga taqdim qiladi. Isbot sifatida shu yechimlarning to‘g‘ri ishlashini ko‘rsatib berishadi. Natijada universitet ham, buyurtmachi kompaniya ham foyda ko‘radi: kompaniya o‘z muammosining innovatsion yechimiga ega bo‘ladi, universitet va universitetning tadqiqotchi olimlari esa moliyaviy tomondan foyda ko‘rishadi hamda qilingan ilmiy ishlar sonini ko‘paytirib olishadi. Bu esa o‘z-o‘zidan universitetning nufuzi hamda reytingi uchun foydalidir.
O‘zbekistonda ham xuddi shunday ilmiy ishlarga e’tiborni kuchaytirish kerak. Universitet faqatgina ta’lim beradigan muassasa emas, balki dolzarb muammolarga yechim topib beradigan muhim tashkilot bo‘lishi kerak. Va albatta, universitet bilan kelishgan holda har qanday kompaniya ilmiy ish uchun buyurtma bera olishi kerak.
— Mamlakatimizda sohangizning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillar nimalar, ularni bartaraf etish uchun takliflaringiz bormi?
— Har qanday katta muammo kichik-kichik kamchiliklar sababli yuzaga keladi. Men o‘zim guvoh bo‘lgan misollarni keltirib o‘tmoqchiman. Toshkent shahridagi INHA universitetida birinchi hamda ikkinchi bosqichda o‘qib yurgan paytlarimda universitet talabalari Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) talabalar yotoqxonasida yashashgan. U yerda bir g‘alati qoida bor edi: yotoqxonada yashaydigan talabalarga, boshqacha qilib aytganda, bo‘lajak dasturchilarga TATU yotoqxonasida o‘z noutbuklaridan foydalanishga ruxsat berilmas edi. Bu, turgan gapki, mustaqil o‘qib-o‘rganish uchun to‘sqinlik qilar edi. Yana bir tushunarsiz qoida kechki soat 11 dan keyin chiroqlarni o‘chirish kerakligi edi. Yotoqxona mutasaddilari sarflanadigan elektr energiyasini kamaytirishni bahona qilgan holda talabalarning imtihonlari yoki uy vazifalari bilan ishlari yo‘q edi. Bunday cheklovlar O‘zbekistondagi asosiy AKT universitetlaridan biri bo‘lgan TATU talabarining, keyinchalik AKT mutaxassislarining salohiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazishi tabiiy.
Endi men hozir o‘qiyotgan Dalhauz universitetiga qaytamiz: bu yerda agar biror talabaning noutbugi bo‘lmasa yoki sotib olishga qurbi yetmasa, universitet unga uzoq muddatga noutbuk berib turadi. Talabalar bu noutbuklarni xuddi shaxsiy noutbukdek uzoq muddat ishlatishlari mumkin va bu mutlaqo bepul. Bundan tashqari, universitet ACM hamda IEEE kabi dunyoning eng katta ilmiy maqolalar elektron kutubxonalarining obunachisi hisoblanadi. Universitetning har bir talabasi shu kutubxonadagi ilmiy maqolalarni bepulga qo‘lga kiritishi mumkin. Kecha konferensiyada taqdim qilingan maqolani bugun universitet talabalari o‘qiy olishadi. Xullas, farq katta! O‘zbekistondagi talabalarning juda ko‘p qismida yuqoridagidek imkoniyatlar mavjud emas, afsus.
— Siz kabi IT-sohasiga kirib kelmoqchi bo‘lgan yoshlarga tavsiyalaringiz.
— Birinchi navbatda, oldilariga katta maqsadlar qo‘yishlari kerak. Ayniqsa, qizlar. Jamiyatda keng tarqalgan og‘zaki qoidalar yoki «ayollar bu yo‘nalishda kuchli emas», «qiz boladan yaxshi dasturchi chiqmaydi» kabi gaplarni deb o‘zlarini chegaralab qo‘ymasliklari kerak. Agar ular STEM (Science, Technology, Engineering – Fan, Texnologiya, Muhandislik, Matematika) yo‘nalishiga qiziqsalar, albatta, aniq fanlarni chuqur o‘zlashtirishlari kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, allaqachon shu yo‘nalishda ta’lim olayotgan talabalar o‘z o‘qituvchilarida hamda boshqa talabalardan o‘zlari bilmagan narsalarni iloji boricha ko‘proq so‘rab, o‘rganishdan qo‘rqmasliklari yoki uyalmasliklari kerak. Bunday fanlarni tushunishda qiyinchilik bo‘lishi tabiiy, ularni yaxshi o‘rganmaslik esa bir qancha muddatdan keyin butunlay rivojlanishdan to‘xtab qolishga olib kelishi mumkin.
Kimki talaba bo‘lish baxti nasib qilmagan bo‘lsa ham, bundan tushkunlikka tushmasligi kerak. Agar maqsad o‘qib-o‘rganish bo‘lsa, hozirgi kunda deyarli barcha kitoblar hamda onlayn kurslarni internet orqali topsa bo‘ladi va aksariyat qismi bepul. Faqatgina tinimsiz mehnat, qunt va shijoat bo‘lsa bas.
Yana takrorlayman, ingliz tilini o‘rganing! Dunyoda juda ko‘p maqolalar, yangiliklar birinchi bo‘lib ingliz tilida chop etiladi. Ingliz tilini bilmagan odam ular tarjima qilinib, yetib kelishini (kelsa agar… — tahr.) kutishiga to‘g‘ri keladi. Bu xuddiki ingliz tilini biladigan odamdan doim ortda yurish bilan baravar…
— Rejalar?..
— Avvalo o‘qishni muvafaqqiyatli yakunlab olish. Undan keyin esa dunyoning katta texnologiya kompaniyalarida ishlab, biroz tajriba orttirish niyatidaman. Keyin esa O‘zbekistonga qaytib, «Machinea Learning», «Artficial Intelligence» kabi bizning yurtda kam rivojlangan yo‘nalishlarda startap boshlashni maqsad qilganman.
Yurtimiz yoshlarining salohiyatlari yuqori ekanligiga ishonaman. Uch yil oldin — INHA o‘qib yurgan paytimda universitetning bir semestrini AQShda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lganman. O‘sha paytlarda, AQShda men bilan birga o‘qigan boshqa davlatdan kelgan talabalar matematika hamda chiziqli algebrani yaxshi bilganim uchun meni «Matematika dahosi» deyishardi. Vaholanki, ular mening Toshkent shahridagi INHA universitetida bor-yo‘g‘i top-o‘ntalikdagi talabalardan biri ekanimni bilishmagan. O‘zbekistonda iste’dodlar sanoqsiz, faqat ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilsa, qo‘llab-quvvatlansa bo‘lgani.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas