Ukrainada o‘q-dori sotib olish uchun ajratilgan 1,5 mlrd grivnani talon-toroj qilgan shaxs qo‘lga olindi
Kiyevda Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») Mudofaa vazirligining asosiy bo‘limlaridan biri boshlig‘ini qo‘lga oldi, u artilleriya snaryadlarini sotib olish uchun mo‘ljallangan 1,5 milliard grivnani (taxminan 36,2 million yevro) talon-toroj qilishga uringanlikda gumonlanmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, «SBU» operatsiyasi Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov ko‘magida amalga oshirilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan gumonlanuvchi 2022 yil dekabr oyida maxsus eksport qiluvchi kompaniya bilan artilleriya snaryadlarining ulgurji partiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Keyinchalik, ushbu shartnoma bo‘yicha, 1,5 milliard grivnadan ko‘proq mablag‘ «asossiz ravishda» xorijiy hisobraqamiga o‘tkazildi. Mazkur holat yuzasidan Ukraina Jinoyat kodeksining 114-1-moddasi 2-qismi (Ukraina Qurolli kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Agar aybdor deb topilsa, gumonlanuvchi 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Keyinroq Ukraina Mudofaa vazirligi matbuot va axborot bo‘limi boshlig‘i Illarion Pavlyuk telemarafonda idora korrupsion sxema natijasida o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi korxonaga o‘tkazilgan mablag‘larni qaytarish ustida ish olib borayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgan, ammo mahsulot yetkazib berilmagan».
Avgust oyida prezident Zelenskiy urush davridagi korrupsiyani vatanga xiyonatga tenglashtiruvchi qonun loyihasini tayyorlash niyatida ekanini aytgan edi. Ukraina Jinoyat kodeksida davlatga xiyonat qilish uchun 15 yilgacha jazo nazarda tutilgan. Yevropa Ittifoqi Kiyev tizimli korrupsiyaga qarshi choralarni kuchaytirishini ta’kidlamoqda.
May oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (KKMB) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (KIP) xodimlari Ukraina Oliy sudi sobiq rahbari Vsevolod Knyazevni noqonuniy foyda olgani gumoni bo‘yicha ushlagandi.
Avvalroq, yanvar oyida KKMB va KIP xodimlari Ukraina jamiyatlar, hududlar va infratuzilmani rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Vasiliy Lozinskiyni go‘yoki 400 ming dollar olayotgan vaqtida ushlagan edi. Lozinskiy oshirilgan narxlarda asbob-uskunalarni sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzishga ko‘maklashib, noqonuniy ravishda daromad olganlikda gumon qilinmoqda.
Bir necha kun oldin KKMB va KIP Ukrainaning «Naftogaz» shirkati boshqaruvi sobiq raisi Andrey Kobolevni 2018 yilda 229 million grivnadan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirishda gumonlanuvchi sifatida e’lon qildi. Gap Stokholm arbitrajidagi bir qator sud jarayonlaridan so‘ng berilgan mukofot haqida ketmoqda, uning natijasida «Gazprom» «Naftogaz»ga deyarli 2,9 milliard dollar miqdorida tovon to‘lashi kerak edi.
Bundan tashqari, xuddi shu oyda jurnalistik surishtiruv natijalari e’lon qilindi, unga ko‘ra Ukraina Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini chakana narxlardan ikki-uch baravar yuqori qiymatda sotib olgan. O‘sha paytdagi mudofaa vaziri Aleksey Reznikov tushuntirish berishga majbur bo‘ldi va Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Vyacheslav Shapovalov iste’foga chiqdi. Keyinchalik, sentyabr oyida Oliy rada Reznikovni ham ishdan bo‘shatdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter