81 yoshida 80 kun dunyoni kezgan momolar
Ikki dugona 80 yoshini g‘ayrioddiy tarzda nishonlashdi – ular dunyo bo‘ylab 80 kunlik sayohatga chiqishdi. Bu vaqt ichida dugonalar nafaqat yetti qit’ani bosib o‘tishdi, balki ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylanishdi, deb xabar beradi CNN telekanali.
Texaslik dugonalar Elli Xembi va Sendi Xeyzelip yubileylarini uch oy ichida dunyo bo‘ylab sayohatda nishonlashga qaror qilishdi. Ammo pandemiya sayohatni ortga surdi.
Sarguzashtga o‘ch xonimlar 23 yildan beri dugona, ko‘p marta sayohatga chiqishgan, lekin ular dunyo bo‘ylab sayohat qilishga qaror qilishdi. Hatto yaqinlari ularning «xavfli» rejasi amalga oshishiga shubhalanishdi.
«Sendi bir kuni menga o‘z g‘oyasini aytib qoldi, deb eslaydi Xembi Elli: «Nega biz 80 yoshimizda, 80 kun ichida dunyo bo‘ylab sayohat qilmaymiz?»
Shunday qilib dugonalar bu yil 11 yanvar kuni yo‘lga otlanishdi. Ularning birinchi to‘xtash joyi hatto ko‘plab tajribali sayohatchilar ham chetlab o‘tadigan Antarktida bo‘ldi.
«Deyarli ikki kun davomida biz Dreyk dovoni bo‘ylab harakatlandik – deyarli dumalab o‘tdik», dedi Xembi CNN telekanaliga bergan intervyusida. – Ammo biz Antarktida yeriga qadam bosganimizda, barcha qiyinchiliklarni unutdik. Pingvinlar, aysberglar va muzliklarni ko‘rish aql bovar qilmaydigan ajoyib xotiraga aylandi.
Ikki dugona ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga sayohatni marhum turmush o‘rtoqlari xotirasiga bag‘ishlaganini yozishdi: «Men sizni sog‘indim va sarguzashtimizga qo‘shilishingizni xohlayman».
Dugonalar Misrda tuya minishdi, Balida fillar bilan uchrashishdi, Nepalda raqsga tushishdi va Finlyandiyada Shimoliy qutb yog‘dusini kuzatishdi.
«Ikkovimiz ham mustaqilmiz, juda o‘jarmiz. Ammo biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz», – dedi Xembi. – «Biz shunchaki bir-birimizni tushunamiz va his-tuyg‘ularimizni hurmat qilamiz. Juda ko‘p diqqatga sazovor joylarni ko‘rdik, lekin eng esimizda qolgan xotiralar – biz uchrashgan odamlardir. Dunyodagi eng ajoyib, eng mehribon va do‘stona odamlarni uchratdik. Hozir butun dunyoda juda yaxshi ko‘radigan do‘stlarimiz bor. Odamlar bizdan boshqa mamlakatlar so‘zlashuvida muammolar bo‘lmaganiga qiziqishadi. Ammo Sendi bilan men dunyoda bitta til hammani biriktira olishini aytaman – bu tabassum».
Xeyzelip 81 yoshni sayohatga chiqish uchun «mukammal yosh» deb ta’rifladi va hech qachon tavakkal qilishdan qo‘rqmaslikni maslahat berdi.
Momolar sayohatni tugatib uylariga qaytgan bo‘lishsa-da, ular keyingi safarlarini allaqachon rejalashtirishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter