Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh vizasini olish yanada qiyinlashdi

AQSh vizasini olish yanada qiyinlashdi

AQSh hukumati xorij fuqarolariga noimmigratsion vizalar, jumladan, B1/B2 sayyohlik vizalarini berish tartibini qattiqlashtirdi. Davlat departamenti ogohlantirishicha, endilikda talabgorlar viza uchun arizani fuqarolik yoki doimiy yashash huquqiga ega mamlakatida topshirishi lozim.

Hozirga qadar ushbu turdagi viza uchun talabgor istalgan mamlakatda ariza topshirishi mumkin edi.

Qayd etilishicha, 6-sentyabrga qadar mazkur tipdagi viza uchun suhbatga yozilgan fuqarolarning so‘rovi o‘z kuchida qoladi.

Yangi tartib-qoida A, G, C-2, C-3 tipidagi, shuningdek, NATO, diplomatik hamda xizmat vizalariga tatbiq etilmaydi.

Davlat departamenti bayonotidan ayrim hollarda insonparvarlik tamoyili, shuningdek, tibbiy va tashqi siyosat vajlariga ko‘ra istisnolarga yo‘l qo‘yilishini anglash mumkin.

Davlat departamenti viza berish vaqtincha to‘xtatilgan 17 mamlakat fuqarolari AQShning qaysi shaharlardagi elchixona va konsulliklariga murojaat qilishi mumkinligiga ham oydinlik kiritgan. Unga ko‘ra, Rossiya fuqarolari Ostona va Varshava, Belarus fuqarolari Varshava va Vilnyus, Ukraina fuqarolari Varshava va Krakov, eronliklar esa Dubaydagi AQSh diplomatik vakolatxonalariga hujjat topshirishi mumkin.

So‘nggi vaqtlarda prezident Donald Tramp ma’muriyati viza tartibini murakkablashtirmoqda.

Joriy yil may oyida Oq uy AQShda o‘qish uchun ariza topshirgan barcha xorijlik talabalar ijtimoiy tarmoqlarda tekshiruvdan o‘tishini ma’lum qildi. Vashington mazkur majburiy tekshiruvga tayyorgarlik ko‘rish uchun dunyo bo‘ylab AQSh elchixonalariga talaba vizasi uchun yangi suhbatlarni rejalashtirishni to‘xtatishni buyurgan.

Tramp ma’muriyat joriy yil 4-iyun kuni Afg‘oniston, Chad, Kongo, Ekvator Gvineyasi, Gaiti, Somali, Eron kabi 12 davlat fuqarolariga AQShga kirish eshigini yopgan bo‘lsa, oradan ikki hafta o‘tib, Qo‘shma Shtatlarga kirishi taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatiga yana 36 davlat qo‘shilishi xabar qilindi.

Avgust oyida esa AQSh hukumati tijorat yuk mashinalari va olis yo‘nalishga qatnovchi xorijlik haydovchilarga ishchi vizalarini berishni to‘xtatdi. Davlat kotibi Marko Rubio ushbu qarorni izohlarkan, chet ellik haydovchilar amerikalik hamkasblariningnonini yarimta qilayotgani”ni aytgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring