Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BAA vaziri islom dini haqida munozarali fikr bildirgan prezident Makronni himoya qilib chiqdi

BAA vaziri islom dini haqida munozarali fikr bildirgan prezident Makronni himoya qilib chiqdi

Foto:«Bloomberg»

BAAning tashqi ishlar davlat vaziri Anvar Qarqash Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning islom dini va musulmonlar xususidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab bayonot berdi.

BAA vaziri Fransiya rahbari musulmonlarni jamiyatdan siqib chiqarishga urinayotgani, ular huquqini buzayotgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. 

«(Musulmonlar) Makronning fikrlarini diqqat bilan tinglashlari kerak. U G‘arbdagi musulmonlarni ihotalash niyatida emas va u butunlay haqdir», – dedi Anvar Qarqash Germaniyaning Die Welt nashriga bergan intervyusida.

Qayd etilishicha, musulmonlar G‘arb jamiyatlariga integratsiya bo‘lmog‘i darkor. Prezident Makronning fikrlari musulmonlarga nisbatan haqorat deb qabul qilinishi ham to‘g‘ri emas.

BAA tashqi siyosat mahkamasiga rahbarining bayonoti musulmon olamida prezident Makronning islom xususidagi bildirgan munozarali fikrlariga qarshi kuchli norozilik kuzatilayotgan bir davrda yangramoqda.

Fransiya rahbari E.Makron islom dini chuqur inqiroz domida ekanini da’vo qilar ekan, mamlakatdagi musulmonlarni separatizmda aybladi. Ayni choqda, dunyodagi bir necha milliard musulmon cheksiz ardoqlaydigan Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) karikatura qilingan suratlarni ommaviy chop etilishini oqlab chiqdi.

Fransiya yetakchisining mazkur pozitsiyasi sabab Pokistondan Falastinga qadar – dunyoning o‘nlab musulmon o‘lkalarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Sog‘lom fikrli musulmonlar zo‘ravonlik, xunrezlik va terrorni keskin qoralagan holda, Payg‘ambarning muborak shaxsiyatiga haqoratli munosabatda bo‘lish aslo qabul qilib bo‘lmas hol ekanini bildirdi.  Dunyo bo‘ylab fransuz mahsulotlariga qarshi boykot ham e’lon qilindi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Fransiya rahbari Emmanuel Makronning islom dini xususidagi bayonotiga keskin tanqidiy munosabat bildirdi.  Xususan, islom inqiroz holatida degan iddao hurmat chegaralarini buzish va ochiq provokatsiya deb baholandi.

Turkiya rahbariga ko‘ra, yevropalik ayrim siyosatdonlar o‘z kamchiliklarini xaspo‘shlash, jamoatchilik e’tiborini chalg‘itish maqsadida musulmonlarga hujum qilmoqda.

«Ichki siyosatda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va omadi yurishmagan yevropalik yetakchilar o‘z uquvsizligini islom dinini nishonga olish orqali yashirishga urinmoqda... Makron ham islom dunyosi inqirozi haqida gapirar ekan, Fransiya hamda fransuz jamiyati duch kelgan bo‘hronni berkitishga intilmoqda», – dedi prezident Erdo‘g‘on. 

Pokiston bosh vaziri Imron Xon ham ayrim G‘arb mamlakatlarida islomofobiya kuchayib borayotgani va ushbu tendensiya davlat tomonidan himoya qilinayotganini xavotirli hol o‘laroq baholadi. Pokistonlik arbob fransuz prezidenti islomiy qadriyatlarni poymol qilayotganini qayd etdi.

Xalqaro bosim ortidan prezident Makron fransuz matbuotida e’lon qilingan karikaturalarga nisbatan musulmonlarning tuyg‘ularini tushunishini, ammo bu karikaturalarni hukumat emas, balki mustaqil OAV chop etganini aytdi. Ayni choqda, u o‘z mamlakatida erkin gapirish, yozish, mushohada yuritish va chizish huquqini himoya qilajagini ta’kidladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring