Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bankadagi pul bankka emas chiqindixonaga «qo‘yildi» yoxud muzxonada «muzlatilgan» boylik taqdiri

Bankadagi pul bankka emas chiqindixonaga «qo‘yildi» yoxud muzxonada «muzlatilgan» boylik  taqdiri

foto:carnot69.livejournal.com

Ko‘pchilik jamg‘armasini uyda saqlashni afzal ko‘radi. Agar omonat ishonchli joyda, oila-a’zolar guvohligida saqlanayotgan bo‘lsa-ku buning muammoli joyi yo‘q, ammo...

Afsuski bunday «depozit»ning barcha afzalliklarini hisobga olgan holda, yaqinlaridan pul yashiradiganlar boyligi axlat qutisiga tashlanishi xavfi haqida o‘ylamaydi. Yangiliklarni kuzatsangiz pulni yashirib yig‘ishni yaxshi ko‘radigan odamlarning ko‘pchiligi kulgili vaziyatlarga tushib qolishadi – yo pulini oila-a’zolari topib olishadi yoki bilmasdan axlat qutisiga tashlab yuborishadi.

Eshik ortidagi sir...

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir ayol erining yashirgan pulini topib olganini joyladi – u erining omonatini mutlaqo kutilmagan joydan topdi. Ma’lum bo‘lishicha, ayol hojatxona eshigining g‘alati ko‘rinishini, og‘irlashib qolganini payqadi va uni ochib, pul «sharsharasi»ga duch keldi. Ya’ni yig‘ilgan tanga pullar sharsharadek har yoqqa sochildi.

foto:120su

Ushbu g‘alati voqea juda ko‘p hazil izohlarga sabab bo‘ldi, ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari pulni bu tarzda saqlash juda ahmoqona ekanligini ham ta’kidlashdi. Eng qizig‘i yig‘ilgan tanga pullar sindirilgan eshikni yangisiga almashtirish uchun yetarlimi?

Ko‘rpa ichidagi boylik...

Chiqindixonadan eski ko‘rpacha topib olgan xitoylik Anxuy uning orasiga yashirilgan   20 000 dollarni nima qilishni bilmay boshi qotdi.

Axir bu pul qandaydir jinoyat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinda. Shunday qilib, erkak pulni politsiyaga olib bordi, shundan so‘ng tergov boshlandi. Tez orada ma’lum bo‘ldiki, pullar tasodifan axlat qutisiga tushib qolgan. Ularni keksa otasi bir kun avval kasalxonaga yotqizilgan o‘g‘il uloqtirib yuborgan. Ya’ni otasi eski va kir ko‘rpasini qanchalik yaxshi ko‘rmasin, o‘g‘il undan egasi yo‘q paytida qutulgisi keldi. Kasalxonadagi chol bu voqeadan xabar topgach, shu qadar hayajonga tushdiki boyligini saqlab qolish ilinjida o‘rnidan sakrab turib ketdi. Ammo keksa bemorni tinchlantirishdi. Politsiya unga tezroq tuzalishini va keyinchalik bemalol kelib pullarini olib ketishi mumkinligini aytdi.

   

Foto: illyustrativ

Muzxona va bankada saqlangan boylik...

Amerikaning Ogayo shtatida yashovchi oila a’zolar suyukli buvisining uyini tozalab berishga qaror qilishdi.  Ish tugagach, buvi birdan tahlikaga tushib qoldi: u muzlatgichning muzxonasidagi sabzavotlarni tashlab yubormaganliklarini surishtirdi, chunki u yerda 25 ming dollar solingan konvert yashiringan edi.

«Ammo biz uni axlatga tashlab yubordik buvi», – deb javob berdi hayratda qolgan nevarasi.

Shundan so‘ng ular tezda chiqindilarni saralash korxonasiga qo‘ng‘iroq qilishdi. Garchi xodimlar darhol yordam berishga otlanishganini aytishsada, omonat egalari og‘riqli daqiqalarni boshdan kechirishlari kerak edi. Xodimning aytishicha, agar mashina allaqachon chiqindixonaga yetib kelgan bo‘lsa, demak, buvining puli topilmaydi. Gap shundaki, u yerda buldozerlar darhol axlatni yer bilan tekislashni boshlaydilar va yo‘l davomida uni maydalashadi. Ammo, xayriyatki, vaqtida ulgurishdi.

Muzlatish kamerasidagi oziq-ovqat mahsulotlarini olib ketayotgan chiqindi mashinasi yarim yo‘lda chiqindixonaga olib kelindi va Oberlindagi qayta ishlash markaziga yo‘naltirildi. U yerda olti tonna chiqindi maxsus maydonchaga tashlangan, shundan so‘ng korxonaning o‘n nafar xodimi pul solingan konvertni qidira boshlagan. Xodimlardan biri – Den Shou kerakli sumkani atigi o‘n daqiqada chiqindi tog‘idan topdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik keksa ayolning qarindoshlari qimmatbaho topilmani qo‘llariga olishganda juda minnatdor bo‘lishgan va hatto xursandligidan yig‘laganlar.    

Shunga o‘xshash voqea Shotlandiyaning Renton qishlog‘ida sodir bo‘lgan. 80 yoshli kampirning qarindoshlari buvini qariyalar uyiga jo‘natganidan keyin uning uyini tozalashga kirishgan – oshxonadagi beshta banka sousni axlatga tashlashdi. Ammo keyin ma’lum bo‘lishicha, kampir bankalar ichida juda katta miqdorda – 20 ming funt sterling saqlagan.

Pul yo‘qotilganidan xafa bo‘lgan oila mahalliy chiqindilarni yig‘ish markaziga yugurdi va u yerda qutilarni topishga umid qilishdi. Ammo u yerda axlat allaqachon ko‘milish uchun poligonga yuborilganligini aytishdi. Va hali kech emas edi, eng muhimi, ikki nafar juda mas’uliyatli xodim ikki soat hech qanday shikoyatlarsiz qattiq ishlashdi. Oxir-oqibat ular bankalarni topib, yo‘qolgan 20 000 funt sterlingni qaytarib olishdi. Pulni qaytarib olgan onaxonning qizi quvonchdan yig‘lab yubordi.

Unutilgan yostiq

Ba’zida shunday holatlar bo‘ladiki, oila-a’zolar saqlayotgan pullarining joyini unutib qo‘yadi.Omsklik yosh er-xotin ham shunday noxush vaziyatni boshidan kechirishdi. Ular eski bolalar yostig‘ida yer uchastkasi sotib olish uchun 800 ming rublni saqlashayotgandi.

Xotin uyni tozalash vaqtida bebaho yostiqni tashqariga olib, kiraverishda qoldirdi va u yerda bir hafta yotdi. Oxir-oqibat, farrosh uni chiqindi qutisiga tashladi. Ammo baxtli tasodif tufayli, aynan shu kuni er-xotin yiqqan pullarini yostiq ichida saqlayotganini eslab qoldilar. Qanchalik dahshatli xatoga yo‘l qo‘yganliklarini anglab, mahalliy axlatxona operatorining raqamini terdilar. U yerda sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimidan foydalanib, kerakli transport vositasi Kirov chiqindilarni saralash zavodiga ketayotganini tezda aniqladilar. Er va xotin u yerga yugurishdi va chiqindi mashinasi bilan deyarli bir vaqtda yetib kelishdi. Chiqindilarni tushirish paytida ular birinchi iflos qoplar bilan birga mashina bunkeridan yumaloqlangan latta tushib ketganini ko‘rdilar. Egalari yostiqni ko‘targanlarida, eski jild yirtilgani sababli, undan besh ming rubllik pullar to‘kila boshladi...

Mashinaga atalgan pullar chiqindi mashinasida...

Ammo Nijniy Novgorodda yashovchi erkakning pul bilan bog‘liq hikoyasi juda g‘ayritabiiy. U ikkita bir xil yelim xaltaning birini axlat qutisiga uloqtiradi, ikkinchisini esa mashina sotib olinishi kerak bo‘lgan jamg‘arma bor degan o‘yda olib qoladi. Ammo u aynan pul bor xaltani chiqindiga tashlab yuborganini payqaydi. U tezda chiqindi poligoni operatori bilan bog‘landi.

Axlat yuk mashinalari sun’iy yo‘ldosh tizimi bilan jihozlanganligi vaziyatni yaxshiladi. Mutaxassislar chiqindilarni olib chiqish monitoringi dasturidan foydalanib, konteynerni aniqladilar. Oxir-oqibat, mashinani bo‘shatishdan oldin ushlab turildi, bu pulni shikastlamaslik uchun operatsiyani sezilarli darajada soddalashtirdi. Boylik bor xalta tashqi ko‘rinishining batafsil tavsifi tufayli juda tez topildi.

Pul egasi nihoyatda xursand bo‘ldi va deyarli ko‘z yoshlari bilan xizmatchilarga oilaviy budjetni tejashga yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.  

Sir ochilmadi...

Ushbu hikoyalardan so‘ng, odamda tasodifan axlatga tashlangan barcha pullar keyinchalik topilarkan-da, degan taassurot paydo bo‘lishi mumkin. Ammo, har doim ham unday emas. Sochidagi ushbu voqea jinoyat bilan bog‘liq deb malakalangani uchun ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortdi. Hammasi uyali telefonlar do‘konining sotuvchisi tomonidan politsiyaga 261 ming ortiq rubl kamomad aniqlangach, ya’ni pul yo‘qolganligi haqidagi xabardan boshlandi.  

U yerda savdo bo‘yicha maslahatchi lavozimiga ishga kirmoqchi bo‘lgan 33 yoshli amaliyotchi shubha ostiga olingan. Sinov davridagi barcha topshiriqlarni astoydil bajarib kelayotgan amaliyotchi ish kuni oxirida bo‘sh karton qutilarni axlatga tashlaydi. Ma’lum bo‘lishicha, boshqa xodimlar daromadni o‘sha qutiga solib qo‘yishgan, amaliyotchi esa uni boshqa bo‘sh qutilar bilan birga tashlab yuborgan.

Politsiya sinovdagi ishchini ma’lumotlar bazasidan tekshirdi va u hech qachon qonun bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaganiga ishonch hosil qildi. Qolaversa,  uning pul yo‘qolgan kunidagi har bir qadami kuzatuv kameralari tomonidan yozib olingan. Videolardan birida yigit haqiqatda o‘sha karton qutini axlat qutisiga tashlab, quruq qo‘l bilan qaytib kelgani aniq ko‘rsatilgan. Ammo qutini ham, ichida saqlangan pulni ham topishning imkoni bo‘lmadi...

                                                                     Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring