Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden: AQSh tez orada elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisiga aylanadi

Bayden: AQSh tez orada elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisiga aylanadi

Foto: «News7days.ru»

Prezident infratuzilma paketini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat bo‘ylab safari doirasida Detroytdagi GM elektromobil zavodiga tashrif buyurdi.

Shu hafta boshida Prezident Bayden tomonidan imzolangan 1 trillion dollarlik infratuzilma qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun umummilliy sayohat doirasida Michiganning eng yirik shahri bo‘lgan Detroytdagi GM kompaniyasi zavodida «Hammer» elektr yo‘l tanlamas avtomobilini shaxsan sinovdan o‘tkazdi.

Qonunda elektr transport vositalarini quvvatlantirish stansiyalarining milliy tarmog‘ini qurish uchun 7,5 milliard AQSh dollari ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bunday sarmoyalar, soha vakillarining fikriga ko‘ra, amerikaliklarni elektromobillar sotib olishga ilhomlantiradi, shuningdek, ekologik toza avtomobillar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yordam beradi. 2020-yilda elektromobillar AQShning yangi avtomobil bozorining atigi 1,8 foizini tashkil etdi.

Avtomobil zavodiga tashrifi chog‘ida Prezident Bayden Detroytdagi «Katta uchlik» avtomobil ishlab chiqaruvchilarini, xususan, GMni e’tirof etib, uning elektromobillar ishlab chiqarishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Prezident AQShda elektromobillar sotuvining qariyb 80 foizini tashkil etuvchi «Tesla» kompaniyasi haqida gapirmadi va shu bilan birga uning egasi Ilon Mask «Tesla» xodimlariga kasaba uyushmasini tuzishga ruxsat berishdan bosh tortdi.

«21-asrning bir qismini biz dunyoni sezilarli farq bilan boshqardik, chunki biz xalqimizga investitsiyalar kiritdik. Ammo bu yo‘lda nimadir noto‘g‘ri ketdi. Hozirgacha Xitoy bu poygada yetakchilik qilmoqda. Bu tez orada o‘zgaradi, chunki kelasi yili ushbu qonun tufayli 20 yil ichida birinchi marta AQSh infratuzilmasida investitsiyalar Xitoyga qaraganda ancha ko‘p bo‘ladi», – dedi Bayden.

Bayden, shuningdek, ijtimoiy himoya va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga ta’sir qiluvchi yana bir yirik sarmoyaviy qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. Taxminan 2 trillion dollarlik qonun loyihasi Kongressda muhokama qilinmoqda.

Baydenning ta’kidlashicha, «Bundan yaxshiroq qayta qurish» rejasining xarajatlari korporativ soliqlarni oshirish orqali to‘lanadi. GM bosh direktori Meri Barra bilan suhbatda prezident yirik kompaniyalar ko‘proq soliq to‘lashi kerakligini aytdi.

Maftuna A’zamjonova,

xalqaro jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring