Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden Netanyahuni so‘kdi – OAV

Bayden Netanyahuni so‘kdi – OAV

AQSh prezidenti Jo Bayden tor doiradagi muloqotlarda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni so‘kinish bilan zikr qildi. Bu haqda Politico nashri sharhlovchisi Jonatan Martinning maqolasida so‘z boradi.

«(Bayden) o‘z ma’muriyati xodimlari va barcha demokratlar kabi Binyamin Netanyahuga shubha bilan qaraydi. Prezident bilan suhbatlashgan insonlarning guvohlik berishicha, u tor doirada Isroil bosh vazirini «*** yomon yigit» deb atadi», – deb yozadi Politico sharhlovchisi.

Oq uy buni rad etgan. Prezident ma’muriyati vakili Endryu Beytsning fikricha, AQSh prezidenti bunday so‘zni tilga olmagan va ikki siyosiy yetakchi o‘rtasida hurmatga asoslangan munosabat shakllangan.

Politico nashriga ko‘ra, Isroil bosh vazirining G‘azoda olib borayotgan, minglab tinch aholi vakili o‘limiga sabab bo‘layotgan urushi sabab Bayden millionlab liberal saylovchilar ovozini yo‘qotmoqda.  Ayni choqda, Oq uy Netanyahu AQShni Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli urushga tortib ketishidan xavotirda.

Siyosiy nashrning yozishicha, YouGov o‘tkazgan so‘nggi ijtimoiy so‘rovda Bayden saylovchilarining 50 foizi Isroilning G‘azodagi harakatlarini «genotsid» deb atagan.

Isroil armiyasi 2023 yil 7 oktyabrdan buyon HAMASning hujumiga javoban G‘azoga qirg‘inbarot urush olib bormoqda. Hozirga qadar G‘azoda 27365 nafar  falastinlik, jumladan, 11500 nafar bola halok bo‘ldi.

Qo‘shma Shtatlar urushning ilk kunidan boshlab Isroil armiyasini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

So‘nggi oylarda AQSh Isroilga 230 ta yuk uchog‘i va 20 ta kemada qurol-aslaha, o‘q-dori va harbiy texnika yuborgan.

Vashington Tel-Avivga o‘nlab uchoq va kemalarda qurol-aslaha yuborish bilan cheklanmoqchi emas. Oq uy Isroilga 14,3 milliard dollar miqdorida navbatdagi moliyaviy yordamni ham yo‘llamoqchi.

AQSh matbuoti xabariga ko‘ra, prezident Bayden Falastin–Isroil ziddiyatida yahudiy davlatini qo‘llab-quvvatlab, G‘azoda minglab tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan ko‘z yumayotgani sabab siyosiy doiralarda, hatto uning saylov shtabida ham norozilik kuchaymoqda.

G‘azo shafqatsiz bombardimon qilinishda davom etarkan, Oq uy ma’muriyatining rasmiylari orasida ham o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirayotganlar soni ortmoqda.

Bir necha oy avval AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Pol HAMASning Isroilga hujumini qoralagani holda, hozirgi vaziyatda yahudiy davlati tutayotgan siyosat va AQSh uni qo‘llab-quvvatlayotgani xato ekanini ta’kidlagan.

AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Rashida Tolib ham Baydenning Yaqin Sharq bo‘yicha pozitsiyasini tanqid qilgan. Demokratik partiya vakiliga ko‘ra, amaldagi ma’muriyat Isroilni bir tomonlama dastaklagani holda, bomba yomg‘iri ostida qolayotgan oddiy falastinliklar taqdiriga qayg‘urmayotir.

AQShdagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders Isroil G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi sababli dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida obro‘sini yo‘qotmoqda deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra u prezident Baydendan Isroil rahbariyatiga tinch aholi vakillarini o‘ldirmaslik borasida shart qo‘yishni talab qilgan.

«Kongress (Isroil bosh vaziri Binyamin) Netanyahuga Qo‘shma Shtatlar Falastindagi ayollar va bolalarni o‘ldirish uchun vasiqa tutqazmaganini tushuntirishi kerak», – degan u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring