Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden va Tramp «uloq meniki» deb da’vo qilmoqda

Bayden va Tramp «uloq meniki» deb da’vo qilmoqda

Isroil va HAMAS G‘azo sektorida 2023 yil 7 oktyabrdan beri davom etayotgan urushni tugatishga kelishib olgani haqida xabar bergandik.

Ushbu kelishuv kimning xizmati evaziga amalga oshdi degan masalada AQSh prezidenti Jo Bayden va yangi saylangan prezident Donald Tramp farqli bayonotlar berdi. Yanada aniqroq aytilsa, har ikki siyosatchi tinchlik bitimidagi birlamchi hissasiga urg‘u bermoqda. 

«Otashkesimga oid ushbu olamshumul bitim noyabr oyidagi tarixiy g‘alabamizning natijasidir. Ushbu g‘alaba butun dunyoga mening ma’muriyatim tinchlikka intilishi va barcha amerikaliklar hamda ittifoqchilarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun muzokaralar olib borishiga ishora etdi», – deb yozdi 20 yanvardan rasman prezidentlik vakolatiga kirishishi kutilayotgan Tramp.

O‘z navbatida, Bayden tinchlik bitimi u may oyida taklif etgan tashabbus mahsuli ekani haqida bayonot berdi.   

«Bu nafaqat HAMASga bosim, Livandagi sulh va Eronning zaiflashuvi ortidan mintaqaviy vaziyat o‘zgarishi mahsuli, ayni paytda Amerika diplomatiyasining qat’iy va sermashaqqat faoliyati natijasidir. Mening diplomatik xizmatim bunga erishish uchun bir lahza ham tinim bilmadi», – dedi AQShning lavozimini topshirayotgan rahbari Bayden.

Tramp va Baydenning bayonoti AQShning boshqa bir prezidenti Jon Kennediga nisbatan beriladigan «G‘alabaning otasi ko‘p, mag‘lubiyat esa hamisha yetim» degan fikrni yodga soladi.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo bostirib kirganidan buyon, 467 kundan beri davom etayotgan urushda 46707 nafar falastinlik (ularning katta qismi bolalar va ayollar) halok bo‘ldi, 110265 kishi yaralandi. G‘azo bo‘lgasi Isroil bombardimonlarida butkul vayron bo‘ldi.

Tinchlik bitimiga erishilgani haqidagi xabardan keyin Isroil armiyasi G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarda kamida 23 kishi halok bo‘ldi.

Sulh bitimi 19 yanvar, yakshanba kuni kuchga kirishi aytilmoqda.

Qayd etish joizki, AQSh Isroilni ham diplomatik, ham iqtisodiy, ham harbiy jabhada yaqindan qo‘llab-quvvatlab keladi. Jumladan, Vashington Tel-Aviv katta miqdorda qurol-aslaha yetkazib bermoqda.

AQSh Xalqaro jinoyat sudi hibsga olish haqida order bergan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni himoya qilish uchun hatto o‘z qadriyatlariga qarshi bo‘lgan choralarga ham kirishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring