Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Birinchi kanal» jonli efirida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi (video)

«Birinchi kanal» jonli efirida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi (video)

Kecha, 14 mart kuni kechqurun Rossiyaning «Birinchi kanal»i jonli efirida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi.

«Birinchi kanal» muharriri Marina Ovsyannikova jonli efir vaqtida Ukrainada kechayotgan urushga qarshi bayonot berdi. Moskva vaqti bilan taxminan 21:35da «Vremya» boshlovchisi Yekaterina Andreyeva G‘arb sanksiyalariga qarshi turish haqidagi lavhaning kirish qismini o‘qiyotganda Ovsyannikova ort kadrda paydo bo‘lib: «Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi» deb yozuvni ko‘tarib chiqadi va o‘zi ham bir necha bor takrorlaydi: «Urushni to‘xtating! Urush kerak emas!» shundan so‘ng sanksiyalar haqidagi lavha efirga qo‘yiladi.

Marina Ovsyannikova qo‘lga olingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi moddasi — «Rossiya qo‘shinlaridan foydalanishni obro‘sizlantirish» bo‘yicha ma’muriy ish ochishlari mumkin. Advokatlarga Marina Ovsyannikovani ko‘rishga ruxsat berilmagan.

«Birinchi kanal» muharriri ushbu harakatidan oldin videomurojaatni yozib qoldirgan, unda u Ukraina bilan urushga qarshi ekanini aytadi. «Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar jinoyatdir. Va bu tajovuz uchun javobgarlik faqat bir kishining vijdonida», dedi u.

Ovsyannikovaning aytishicha, uning otasi ukrainalik, onasi esa rus, «ular hech qachon dushman bo‘lmagan». «Afsuski, so‘nggi yillarda men «Birinchi kanal»da ishlab, Kreml tashviqotini olib borishga majbur bo‘ldim. Men bugun bu ishlarimdan uyalib ketyapman», qo‘shimcha qiladi u.

Hodisadan so‘ng «Birinchi kanal» ichki tekshiruvni boshladi, deb yozadi «Interfaks».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring