Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Blogerlar Qozog‘istondagi namoyishlar Rossiya matbuotida «ishtiyoq bilan» yoritilayotganiga e’tibor qaratdi

Blogerlar Qozog‘istondagi namoyishlar Rossiya matbuotida «ishtiyoq bilan» yoritilayotganiga e’tibor qaratdi

Foto: Zakon.kz

Iqtisodiy tahlilchi va bloger Otabek Bakirov Qozog‘istondan gaz narxi oshishi tufayli boshlagan norozilik namoyishlari Rossiya ommaviy axborot vositalarida faol yoritilayotganiga e’tibor qaratdi. 

Tahlilchi aholi noroziligiga avvalo ichki omil – muloqot va kelishuvsiz gaz narxi oshirilgani sabab bo‘lganini qayd etgan. Ayni choqda, u hodisalarda tashqi omilni ham esdan chiqarmaslik lozimligini ta’kidlagan.

«Kreml nazorati ostidagi OAVlar, garchi Rossiyada uzun ta’til bo‘lishiga qaramay, voqealarni faol, hatto ishtiyoq bilan yoritayotgani sergaklantiradi. Do‘st va birodar qozoq xalqi va rahbariyati tashqi kuchlar tashviqoti va ta’sirisiz o‘zaro muloqot va kompromiss yo‘lini topa oladi. Men bunga ishonaman», – deb yozadi O.Bakirov.

Taniqli huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham namoyishlar ortidan yuzaga keladigan ehtimoliy tashqi xatardan ogohlantirgan.

«Qo‘shni qardosh qozoq xalqiga tinchlik tilayman. Ko‘tarilgan masalalar tezroq o‘z yechimini topib, tashqi dushmanlarga qo‘l keladigan urush-janjallar barham topsin deymiz. Chunki Qozog‘istondagi voqealarni ayrim davlatdagi OAVlar shubhali tarzda juda faol yoritib borishmoqda. O‘sha davlatdagi (nomini aytmasam bildingiz) ayrim «siyosatchilar» esa Qozog‘iston hududidagi o‘z millatdoshlarini qutqarish, buning uchun o‘sha davlatdagi yerlarni ajratib olish haqida muhokamalarni boshlab yuborishgan», – deb yozadi X.Xudoyberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 yanvardan Mang‘istau viloyati ma’muriyati suyultirilgan gaz narxini 60 tangadan 120 tangaga oshirdi. Buning ortidan yakshanba kuni hududda ommaviy norozilik boshlandi. Namoyishlar birin-ketin boshqa yirik shaharlarga yoyildi.

Norozilik harakati avj olishi ortidan mamlakat prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev namoyishchilarga buzg‘unchi shaxslarning chaqiriqlariga, provokatsiyalarga uchmaslik, jinoyatga qo‘l urmaslik hamda muammolarni muzokaralar orqali hal qilishga chaqirdi.

Bugun, 5 yanvar kuni esa prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev bosh vazir Asqar Mamin boshchiligidagi hukumatni iste’foga chiqarish haqidagi farmonni imzoladi. Hukumatga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – moliya vaziri Alixon Smailov vaqtincha rahbarlik qilib turadi.

Shuningdek, 4 yanvardan 19 yanvargacha Mang‘istau viloyati va Olmaota shahrida favqulodda holat joriy etildi.

Hozirga qadar namoyishchilarning asosiy talablari bajarildi: amaldagi hukumat tarqatib yuborildi, gaz narxi eski holga qaytarildi.

Oqo‘rda matbuoti xizmatiga ko‘ra, 5 yanvar kuni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi beqaror vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston rahbari gaz narxini oshirgani uchun hukumat hamda energetika vazirligini keskin tanqid qilgan. Yig‘ilishda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangani xabar qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring