Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT G‘azoning 2,3 million aholisini «qora kunlar» kutayotganidan ogohlantirdi

BMT G‘azoning 2,3 million aholisini «qora kunlar» kutayotganidan ogohlantirdi

G‘azo sektori bir necha kun ichida butkul elektr energiyasiz qoladi, deb ogohlantirmoqda BMT. 

De-yure Falastinga qarashli, de-fakto Isroil ishg‘oli va qamali ostida bo‘lgan hududda qariyb 2,3 million aholi istiqomat qiladi.

7 oktyabr kuni HAMAS kuchlari hamda Isroil armiyasi o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. G‘azodan raketa uchirilishi ortidan Isroil hududni harbiy aviatsiya bilan bombardimon qila boshladi. Isroil, shuningdek, G‘azoga elektr energiya, yonilg‘i va boshqa mahsulotlar yetkazishni to‘xtatdi.

G‘azo mintaqasi Isroildan kuniga 120 MVt elektr energiya sotib oladi. Hududdagi yagona elektr stansiya esa kunlik 60 MVt elektr ishlab chiqaradi.

Stansiya yonilg‘i tugashi oqibatida faoliyatini to‘xtatmoqda. Blekaut G‘azodagi ko‘p sonli tinch aholi hayotiga xavf tug‘dirishi aytilmoqda.

BMTga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azodagi HAMAS ob’yektlari qatorida turarjoylarga ham bomba yog‘dirmoqda. Hozirga qadar hududdagi to‘rtta ko‘p qavatli turarjoy majmuasi vayron qilingan. 159 ta bino yakson qilingan, 1210 tasi jiddiy shikastlangan.

BMTning Oziq-ovqat agentligi G‘azo hududiga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish ham qiyinlashganini ma’lum qilgan. 

«Ziddiyat kuchayishi ortidan tinch aholi vakillari, jumladan, bolalar va ehtiyojmand oilalarga asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish tobora qiyinlashmoqda. Tarqatish tizimi izdan chiqqan, jangovar harakatlar natijasida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasi jiddiy talafot ko‘rgan», – deyiladi agentlik bayonotida. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda G‘azoda harbiy ixtilof kuchaygani sababli 123 ming falastinlik turarjoyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Qamaldagi G‘azo iqtisodiyoti Isroil va Misrga hamda xalqaro gumanitar ko‘makka tobe bo‘lib qolgan. Mintaqaga yuklar quruqliq orqali mazkur ikki davlat orqali keltiriladi. Oslo bitimidan keyin hududda port qurila boshlagan. Ammo 2000 yilda Isroil ikki askari o‘ldirilishi ortidan qurilayotgan portni yakson qilgan. G‘azoda 1998 yilda ochilgan aeroport ham 2001 yilda portlatilgan.

Mahalliy saylovda HAMAS harakati g‘olib kelgach, Isroil qamalni yanada kuchaytirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring