Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Isroilga qat’iy talab qo‘ydi

BMT Isroilga qat’iy talab qo‘ydi

BMT G‘azo «bolalar qabristoni»ga aylanganidan ogohlantirmoqda.

Foto: AFP

BMTning xalqaro mustaqil komissiyasi Isroil ishg‘oli ostidagi Falastin yerlari – G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi xunrezliklar yuzasidan hisobot e’lon qildi.

Hujjatda Isroil falastinliklarga nisbatan qasddan qotilliklar, harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etayotgani ta’kidlangan. 

«Isroil kuchlari shifokorlar va tibbiy xodimlarni qasddan o‘ldirgan, ularni hibsga olgan va qiynoqqa solgan. Shuningdek, tibbiy transport vositalariga hujum uyushtirgan», – deyiladi hisobotda.

Mualliflarga ko‘ra, bu muayyan millatni tibbiy ko‘makdan mahrum qilish orqali qirib tashlashga urinish, binobarin, insoniyatga qarshi jinoyat sanaladi.

BMT Isroilni Falastin sog‘liqni saqlash tizimini yo‘q qilishga qaratilgan siyosat yuritishda ayblagan.

Hisobotga ko‘ra, Isroil kuchlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olingan falastinlik bolalar va kattalar jismoniy, ruhiy va hatto jinsiy zo‘ravonlikka duchor etilgan.

«Isroil G‘azodagi tibbiy muassasalarni vayron qilishga qaratilgan ma’nisiz va aql bovar qilmas harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishi kerak... Falastinliklarga nisbatan qamoqxonalarda sodir etilgan shafqatsizliklar aybdorlari jazoga tortilishi va yetkazilgan zarar qoplanishi kerak», – deydi komissiyasi raisi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari Navi Pilley.

Komissiya Tel-Aviv ma’muriyatiga xalqaro huquqqa zid barcha xatti-harakatlarni oshig‘ich ravishda to‘xtatish talabini qo‘ygan.

BMT joriy yil iyun oyida e’lon qilgan surishtiruvda ham G‘azo sektorida aholi, xususan, bolalar qasddan qirib tashlanayotgani bayon qilingandi. 

Xalqaro tashkilot Bolalar jamg‘armasi – YuNISEF xulosasiga ko‘ra, bir yildan buyon davom etayotgan urush tufayli G‘azo sektoridagi yuz minglab bolalar o‘qish, o‘ynash tugul tinch-osoyishta uxlash ne’matidan ham mahrum qolmoqda.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 42126 nafar falastinlik (hudud aholisining 1,8 foizi) halok bo‘ldi. Ularning kamida 16 ming nafari bolalardir.

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida G‘azo sektorida dunyoda oxirgi to‘rt yilda kuzatilgan barcha mojarolardan ko‘proq bolalar halok bo‘lgan.

Buyuk Britaniyada joylashgan «Save the Children» tashkiloti yozishicha, 21 mingga yaqin falastinlik bola dom-daraksiz yo‘qolgan.

Joriy yil iyun oyida BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.

Afsuski, dahshatli statistika kun sayin oshib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar G‘azoda ko‘p sonli aholi bombalar, ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar tufayli halok bo‘layotgani haqida bong urmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring