Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bodrum – binafsharang gullar makoni

Bodrum – binafsharang gullar makoni

Bodrum Mug‘laning eng ko‘zga ko‘ringan manzili bo‘lish bilan bir qatorda Turkiyaning afsonaviy dam olish maskanlaridan biri hamdir. Bodrumda ko‘m-ko‘k va tiniq dengizlari bilan mashhur ko‘rfazlar joylashgan bo‘lib, jami 11 hududda 65 ta ko‘k bayroqli xususiy yoki jamoat plyajlari mavjud.

Bitez

Bitez – suzish uchun eng qulay va shinam maskanlardan. Bitezni yuvib turadigan Egey dengizi suvlari iliq va toza, ko‘pincha to‘lqinsiz bo‘ladi. Bitez sohillarining eng afzal tomoni suv sathining asta-sekin chuqurlashib borishi bo‘lib, ayni shuning uchun ham bu yerlar bolali oilalarning eng sevimli maskaniga aylanib ulgurgan. Bu mintaqada jamoat plyajlari bilan bir qatorda xususiylari ham bor.

Go‘lturkbuku

Moviy bayroqli dengizlarga boy Go‘lturkbukuning suzish uchun eng bebaho maskani Jennet ko‘rfazidir. Ko‘rfazning dengizi tiniq va to‘q ko‘k rangi bilan ajralib turadi va markazdan uzoqda joylashganligi sababli mavsumda gavjum bo‘lmaydi.

Akyarlar

Akyarlar Bodrumda baliqlar hamrohligida suzish mumkin bo‘lgan noyob joylardan biridir. Dengiz suvi tiniq, sayoz va shamol bo‘lmagan paytlar juda sokin. Hududning aksariyat qismida korxonalar bo‘lishiga qaramay, jamoat plyajlari ham bor. Ushbu mintaqadagi Meteor va Karainjir ko‘rfazlari sayyohlar tomonidan eng ko‘p tanlanadigan joylardandir.

Gumyushlyuk

Gumyushlyuk dengiz bo‘yidagi hashamatli restoranlari bilan mashhur bo‘lib, dengiz sohili qumli va ularni doim to‘lqin yuvib turadi. Dengiz suvi iliq. Unda cho‘milish uchun restoranlar orasidagi istalgan bir qulay joydan yoki jamoat plyajlaridan tushib borish mumkin. Gumyushlyukda joylashgan Tavshan oroli va Eski Karakaya qishlog‘i eng xushmanzara joylar hisoblanadi.

Torba

Torba shaharchasi moviy bayroq va tiniq dengizlari bilan hashamatli dam olish maskani bo‘lib, dengizda vaqti-vaqti bilan kuzatiladigan to‘lqin tufayli kechki paytlari suv usti biroz loyqalanishi mumkin, lekin shamolsiz kunda suv juda toza va shaffof bo‘ladi. Torba qirg‘og‘i va dengizi butunlay qumli, dengiz suvining harorati iliq, dengiz sathi asta-sekin chuqurlashib boradi. Torbadan jo‘nab ketadigan qayiqlarda boshqa ko‘rfazlarga sayohat qilish mumkin.

Kargijak ko‘rfazi

Kargijak ko‘rfazi unchalik ma’lum va mashur bo‘lmasa-da, o‘zining yashirin va qo‘l tegmagan tabiiy go‘zalligi bilan Bodrumning eng yoqimli maskanidir. Kargijak ko‘rfazining dengizi huddi akvariumga o‘xshaydi, biroq dengiz suvi boshqa joylarga qaraganda sovuqroq va biroz sho‘r. Bu ko‘rfazda biron bir idora-korxona yoki savdo do‘konini uchratish imkonsiz. Shuning uchun ham sayyohlarga o‘zlari bilan birga yegulik va ichimliklar olish tavsiya qilinadi. Tabiat va dengiz ixlosmandlari bu yerda chodir qurib dam olishlari mumkin.

Yalikavak

Yalikavakning moviy bayroqli dengizi juda toza, ammo serto‘lqin. Mintaqaning ko‘plab dam oluvchilar tomonidan afzal ko‘rilishining eng katta sababi bu restoranlar va xususiy plyajlarda taqdim etilgan imkoniyatlardir.
Yalikavakda suzish uchun eng ko‘p tanlanadigan ko‘rfazlardan Arka Kudur va Tilkijik ko‘rfazlaridir. Yalikavak shamol tegirmonlari bilan ham mashhur. Yalikavakda shamol syorfingi bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniyati ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, «moviy bayroq» tushunchasi 1987 yildan beri xalqaro mukofot sifatida qo‘llanadi va har yili suvi yuqori sifat standartlariga javob beradigan va xavfsiz suzish uchun mos keladigan plyajlar va marinalarga beriladi. Fransiya plyajlari Moviy bayroq bilan ilk marta 1985 yilda mukofotlangan. Shu sabab ham mamlakat moviy bayroqning vatani hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring