Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boltiqbo‘yi davlatlari prezident Putinning yangi farmonidan darg‘azab bo‘ldi

Boltiqbo‘yi davlatlari prezident Putinning yangi farmonidan darg‘azab bo‘ldi

Foto: Google Images

Boltiqbo‘yi davlatlari SSSR davrida milliy ozodlik uchun kurashgan guruhlarning «yashirin to‘dalar» deya talqin etilganidan darg‘azab bo‘ldi. 

Joriy yil 2-sentyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ikkinchi jahon urushidan keyin Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Belarus hamda Ukrainada sovet hukumatiga qarshi yashirin kurash olib borgan «yashirin to‘da»larga qarshi kurashgan KGB hamda NKVD xodimlarini moddiy rag‘batlantirish haqidagi farmonni imzoladi.

Ushbu hujjatda ozodlik harakati vakillariga qarshi kurashgan maxsus xizmat hamda ichki ishlar xodimlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan. 

Xabarlarga ko‘ra, bu borada Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin va boshqa kuchishlatar tizim yetakchilari prezidentga taklif bilan chiqqan.

Boltiqbo‘yi davlatlari rasmiy Moskvaning ushbu qarorini keskin tanqid qildi.

Latviya, Litva hamda Estoniyadagi milliy ozodlik harakati vakillari mustaqil respublikalarni tiklash yo‘lida sho‘ro hukumatiga qarshi kurash olib borgan. Ushbu partizanlik harakati o‘tgan asrning 50-yillariga qadar davom etgan.

Manbalarga ko‘ra, sho‘ro boshqaruviga qarshi har bir respublikada o‘n mingdan bir necha yuz minggacha partizan kurash olib borgan. Boltiqbo‘yi davlatlari aksilsho‘ro harakati vakillarini qahramon deb hisoblaydi va ularga bir qator ijtimoiy imtiyozlar berilgan. Ularga qarshi kurashgan sho‘ro idoralari xodimlari esa agressorlar deya talqin qilinadi.

«Latviyada Ikkinchi jahon urushidan keyin, o‘n yil davom etgan qarshilik harakati mobaynida demokratik Latviya davlati himoyachilari bosqinchi Stalin hukumatining qatag‘on organlariga qarshi qonli va noteng kurash olib bordi», – deyiladi Latviya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Latviya sovet qatag‘on idoralari xatti-harakatini insoniyatga qarshi jinoyat deb hisoblaydi. TIVga ko‘ra, qatag‘on idoralarining sobiq xodimlariga pul mukofotlari tayinlanishi Stalin davri jinoyatlarini oqlashga qaratilgan galdagi urinishdir.

Ayni choqda, rasmiy Riga Kremlni stalincha qarashlardan butkul voz kechishga chaqirgan.

«Ikkinchi jahon urushi davrida sovet okkupatsiyasi Litva aholisini ommaviy ravishda qatag‘on qildi. Endi esa prezident V.Putin ushbu qatag‘on ijrochilarini «mukofotlashga» urinmoqda», – deyiladi Litva TIV bayonotida. 

Litva hukumati rasmiy Moskvaning ushbu qarorini nafaqat stalinizm jinoyatlarini oqlash, balki fashizmga qarshi kurashgan qahramonlar xizmatini kamsitish deb baholagan.  

Estoniya TIV ham farmonni mojaroli deb atagan.

«Bu Rossiyaning siyosiy maqsadlarni ko‘zlab, yanglish tarixiy talqinlarni keng yoyish yo‘lidagi navbatdagi sa’y-harakatidir. Bunga qadar Molotov- Ribbentrop pakti hamda unga ilova etilgan maxfiy bayonnomani oqlash uchun ko‘p urinishlar kuzatilgan edi», – deyiladi Estoniya TIV bayonotida.

Rossiya Davlat dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisi Aleksandr Xinshteyn esa prezident Putin tomonidan imzolangan farmonni adolatli qaror deb atagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring