Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiyaga qarshi maxsus tribunal tashkil etishga chaqirdi

Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiyaga qarshi maxsus tribunal tashkil etishga chaqirdi

Estoniya, Latviya va Litva Yevropa Ittifoqini xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlarini fosh etish va aybdorlarni jazolash uchun maxsus tribunal tashkil etishga chaqirdi. Bu haqda uch davlat tashqi ishlar vazirlari nomidan Litva TIV saytida chop etilgan bayonotda so‘z boradi.

«Biz barchamiz himoya qilishga intilayotgan qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni qo‘pol ravishda buzishga qaratilgan harakatlar –  genotsid, harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar va agressiya jazosiz qolmasligi kerak. Aks holda, xalqaro tartib izdan chiqishi tayin», – deyiladi bayonotda.

Bir zamonlar Moskvaning zulm-zo‘ravonligi o‘z tanasida his etgan Boltiqbo‘yi mamlakatlari vazirlariga ko‘ra, Xalqaro jinoiy sud va bir qator davlatlar tomonidan Ukrainadagi harbiy jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan tergovlar davom etishi shart. Chunki ular jinoyatlarni hujjatlashtirish va dalillashda muhim ahamiyat kasb etadi.

«Maxsus tribunalning tashkil etilishi Xalqaro jinoiy sud faoliyatini to‘ldiradi. Xalqaro jinoiy sud genotsid, harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun aybdorlarni ta’qib etsa, maxsus tribunal agressiya jinoyatiga mas’ul bo‘lgan Rossiya oliy siyosiy va harbiy rahbariyatini javobgarlikka tortadi», – deb hisoblaydi uch davlat TIV. 

Ta’kidlanishcha, bosqinning asosiy ilhomchilari, tashkilotlari va gumashtalari muqarrar jazoga tortilmog‘i lozim.  

Avval xabar berganimizdek, Ukraina joriy yilning 27 fevralidayoq Rossiyaga qarshi Haagadagi Xalqaro jinoiy sudga da’vo arizasini kiritgan.

Xalqaro mahkama bosh prokurori Karim Xon rasmiy Kiyev so‘roviga ko‘ra Rossiya mansabdor shaxslariga nisbatan ehtimoliy og‘ir jinoyatlar yuzasidan surishtiruv-tergov boshlagan.

Joriy yil sentyabr oyida Yevropa Ittifoqida raislik qilayotgan Chexiya tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomonidan Ukrainada sodir etilayotgan jinoyatlarni tergov-taftish etish uchun xalqaro tribunal tashkil etish taklifi bilan chiqqan edi.

Buyuk Britaniyadagi siyosatchilar, jumladan, sobiq bosh vazirlar Gordon Braun va Jon Meyjor ham Rossiya rahbariyatiga nisbatan Ikkinchi jahon urushidan keyin natsistlarni jazolash uchun tashkil qilingan Nyurnberg jarayoni kabi maxsus mahkama tashkil etish lozim degan fikrda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring