«Boyqushlar makoni»ga aylangan hudud
Bugun, 7 oktyabr kuni Isroil armiyasi G‘azo sektoriga HAMAS harakatining hujumiga javoban bostirib kirganiga bir yil to‘ldi.
365 kundan buyon davom etayotgan muttasil bombardimonlar, quruqlik va dengiz orqali hujumlar oqibatida 41870 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 97 mingdan ziyodi yaralandi. Halok bo‘lganlarning 11378 nafari ayollar va 17 ming nafari bolalardir. Yana 10 mingga yaqin falastinlik vayron bo‘lgan binolar ostida qolib ketgan.
Bir yillik beayov hujum oqibatida G‘azo sektoridagi 902 ta oilaning barcha a’zolari qirilib ketdi, 1364 ta oiladan birgina vakil omon qoldi.
Isroil hujumlari oqibatida G‘azo sektorining asosiy qismi yashash uchun yaroqsiz holga keldi. 2,4 million nufusli hududning aksar aholisi boshpanasidan ayrildi.
Hujumlar oqibatida shifoxonalar vayron bo‘ldi. Kamida 986 nafar tibbiyot xodimi halok bo‘ldi.
2023 yil 7 oktyabrga qadar G‘azo sektorida 17 ta universitet va kollej, 796 ta maktab faoliyat yuritgan. So‘nggi bir yil ichida oliy va o‘rta ta’lim muassasalari vayron qilindi, ta’lim jarayoni to‘xtadi.
Hujumlar oqibatida 11500 nafar o‘quvchi, 750 nafar maktab o‘qituvchisi va xodimi, 115 nafar universitet professor-o‘qituvchisi bevaqt hayotdan ko‘z yumdi.
Bir yil ichida G‘azodagi 611 ta masjid butunlay, 214 tasi qisman vayron bo‘ldi. 206 ta tarixiy obida va yodgorliklar kunfayakun etildi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbosga ko‘ra, «Isroil armiyasining genotsidi oqibatida» G‘azo sektorida 90 foiz infratuzilma yo‘q qilindi.
Xalqaro hamjamiyat ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar keng yoyilgan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter