Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bryussel uchrashuvi tinchlik yo‘lida umidli qadam deb baholanmoqda

Bryussel uchrashuvi tinchlik yo‘lida umidli qadam deb baholanmoqda

Bu – I.Aliyev, N.Pashinyan va Sh.Mishelning uchinchi uchrashuvi.

Foto: AFP

Joriy yil 22-may kuni Belgiya poytaxti Bryusselda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

Muzokara yakunida chegara masalalari bo‘yicha birinchi majlisni yaqin kunlarda tashkil etishga kelishilgan. Ilk majlisda esa chegaralar delimitatsiyasi va barqarorlik shartlari muhokama etilishi kutilmoqda.

Oliy darajadagi uchrashuvda Ozarbayjon va Armaniston hududi orqali tranzit masalasida ham kelishuvga erishilgan. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi tinchlik bitimi borasida fikr almashilgan. Yaqin haftalarda tashqi ishlar vazirlari bu masalada muzokara o‘tkazishi kutilmoqda. 

Bryusseldagi uchrashuv tahlilchilar tomonidan tinchlik yo‘lidagi umidli qadam deb baholanmoqda. Xususan, Yevropa siyosati markazi tahlilchisi Amanda Pol uch tomonlama muzokaralar Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasida tinchlik bitimi imzolanishiga umidni kuchaytirganini qayd etdi.

«Bu – prezident I.Aliyev, bosh vazir N.Pashinyan va YeI kengash raisi Sh.Mishelnng uchinchi uchrashuvidir. Biz voqealar rivojida ijobiy siljishni kuzatdik. Muhokamalar sezilarli natija bera boshladi, tomonlar tinchlik borasida jiddiy majburiyatlarni olmoqda», – deydi tahlilchi.

Siyosatshunos urushdan keyingi davrda tinchlik bitimiga erishishda YeI muhim rol o‘ynayotganini ham qayd etgan.

Isroillik tahlilchi Mixail Finkel ham rasmiy Bokuning tinchlik yo‘lidagi urinishlarini ijobiy baholagan. Ayni choqda, qo‘shni mamlakat muxolifati tinchlik bitimini imzolashga qarshilik qilmasligi muhimligini ta’kidlagan.

Avval xabar berganimizdek, Ozarbayjon Armanistonga o‘zaro munosabatlarni izga solishni nazarda tutuvchi besh banddan iborat taklif bilan murojaat qilgan. Mazkur takliflar ikki mamlakat munosabatlarini izga solish va robitalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan fundamental tamoyillarni o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon prezidenti, Armaniston bosh vaziri va Yevropa Ittifoqi kengashi raisi joriy yil 6 aprel kuni ham Bryusselda muzokara o‘tkazgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Boku va Yerevan o‘rtasida munosabatlarni me’yorlashtirish borasida muzokaralar boshlangani muhim yangilik sanaladi. Chunki bu ko‘p yillardan buyon ziddiyatli munosabatga ega bo‘lib kelayotgan ikki davlat o‘rtasida risoladagidek aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki qadam bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring