Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Chiqindilar urushi»: Seul qattiq ogohlantirildi

«Chiqindilar urushi»: Seul qattiq ogohlantirildi

Kim Yo Chjon.

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya chiqindi to‘ldirilgan havo sharlarini jo‘natishiga javoban Janubiy Koreya chegara yaqinida ovoz kuchaytirgichlar orqali targ‘ibot axborotini tarqatishni boshladi. KXDR yetakchisi Kim Chen Inning singlisi — Kim Yo Chjon (Mehnat partiyasi MQ bo‘lim mudiri o‘rinbosari) Seuldan «ovozini o‘chirishni», aks holda «juda xavfli vaziyat yuzaga kelishi» mumkinligini aytdi.

«Agar ular varaqalar tarqatib, ovoz kuchaytirgichlar bilan provokatsiya qilishda davom etsa, shubhasiz, bizning mamlakatimiz tomonidan yangi javob berilishiga guvoh bo‘lamiz. Men Seulga kelgusida ziddiyatni yanada chuqurlashtiruvchi xavfli qilmishlarini darhol to‘xtatishni maslahat beraman», — dedi Kim Yo Chjon.

KXDR 9-iyun kuni sharlar uchirishni to‘xtatishni rejalashtirgandi, biroq janubliklar ovoz kuchaytirgichlarni ishga tushirishi «vaziyatni o‘zgartirdi», dedi u.

Janubiy Koreya 2016-yildan buyon chegarada ovoz kuchaytirgichlarni ishlatmay qo‘ygandi. Biroq varaqalar tarqatishiga javoban KXDR e’lon qilgan «chiqindilar urushi»dan so‘ng ovoz kuchaytirgichlar yana tilga kirdi.

Uzoq yillardirki, janubliklar shimollik birodarlariga havo sharlari orqali oziq-ovqatlar, dorilar, radioqurilmalar, matbuot va targ‘ibot varaqalarini yo‘llab kelishadi. Oxirgi jo‘natuv may oyi boshida bo‘lgandi.

Bunga javoban Shimoliy Koreya janubga chiqindi va go‘ng to‘la sharlarni uchirdi. Ma’lumotlarga qaraganda, 28 maydan buyon Seul va unga yondosh hududlarga 1,6 mingtagacha ana shunday sharlar kelib tushgan.

«Pxenyandan kelgan jo‘natmalar»ni seullik faollar javobsiz qoldirishmayapti: diktatura qoralangan va demokratik jamiyatning farovonliklari aks etgan varaqalar va fleshkalarga mayda dollar pullarni qo‘shib shimolga qarab uchirishmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring