Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng halokatli suv toshqinlari

Dunyodagi eng halokatli suv toshqinlari

foto: https://www.cawater-info.net/

Insoniyat tarixi davomida suv toshqinlari millionlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan. Ayniqsa, aholi zich joylashgan hududlar, daryolarning toshishi, siklonlar va dambalarning buzilishi ulkan falokatlarga duchor qiladi. Qiziq dalil: tarixdagi eng halokatli 4 ta suv toshqinining barchasi Xitoyda yuz bergan.

1931-yil, Xitoydagi suv toshqinlari

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli suv toshqini. O‘shanda bir vaqtning o‘zida Yangszi, Xuanxe va Xuay daryolari o‘zanidan toshib ketgan. Uzoq davom etgan kuchli yomg‘irlar, siklonlar va qor erishi falokatni yanada kuchaytirgan.

Qurbonlar soni: taxminan 2 million nafargacha. Ayrim manbalarda 4 milliongacha deyiladi. Millionlab odamlar boshpanasiz qolgan. Ocharchilik va epidemiyalar avj olgan.

1887-yil, Xuanxe (Sariq daryo) toshqini

Xitoydagi mashhur Xuanxe – tarixda “Qayg‘u daryosi” deb ham atalgan. 1887 yildagi toshqinda ushbu daryo himoya devorlarini yorib o‘tgan. Oqibatda 900 mingdan 2 milliongacha odam halok bo‘ldi. Ularning katta qismi dehqonlar edi. Minglab qishloqlar suv ostida qoldi.

1938-yil, Xuanxe toshqini

Bu falokat tabiiy emas, balki urush vaqtida ataylab keltirib chiqarilgan. Yaponiya armiyasini to‘xtatish uchun xitoyliklar daryo dambasini portlatgan. Qurbonlar: 500 mingdan 900 minggacha. Yuzlab shahar va qishloqlar kunpayakun bo‘lgan. Millionlab odamlar qochqinga aylandi.

1970-yil, Bhola siklon toshqini

Hozirgi Banglaadesh hududida yuz bergan mazkur ofat tarixdagi eng halokatli tropik siklonlardan biri hisoblanadi. 300-500 ming kishi halok bo‘lgan. Ulkan suv to‘lqini butun-butun qishloqlarni yuvib ketgan, deyiladi. O‘shanda aholini ogohlantirish tizimi juda zaif edi.

 1975-yil, Bansyao dambasi halokati

Xitoydagi kuchli yomg‘irlar natijasida Bansyao dambasi buzilib ketgan. Yana bir necha damba ketma-ket qulagan. Katta hudud suv ostida qolgan. Qurbonlar haqida ma’lumotlar qo‘rqinchli: 26 mingdan 240 ming nafargacha.

Ushbu falokat inson qurgan inshootlar qanchalik xavf tug‘dirishini ko‘rsatgan edi.

1953-yil, Shimoliy dengiz toshqini

Bir necha hududni kuchli dengiz bo‘roni bosib ketgan. Niderlandiyaning katta qismi suv ostida qolgan. 2 mingdan ortiq odam hayot bilan vidolashgan. Keyinchalik mashhur “Delta Works” muhofaza tizimi barpo etildi.

1999-yil, Venesuela sel toshqini

Kuchli yomg‘irlar tog‘lardan ulkan sel oqimlarini keltirib chiqardi. Mahallalar tag-tugi bilan yo‘q bo‘ldi.

Ushbu tabiiy ofat tufayli mintaqaning geografiyasi o‘zgarib ketdi. Qurbonlar soni 10-30 ming kishi bo‘lgani aytiladi.

Nega suv toshqinlari halokatli bo‘ladi?

Asosiy sabablari aholining daryo bo‘ylarida zich yashashi, damba va himoya tizimlarining yetarli emasligidir. Shuningdek, kuchli siklon va mussonlar, ogohlantirish tizimining sustligi ham suv toshqinlariga to‘sqinlik qilolmaydi.

Mutaxassislarning fikricha, iqlim o‘zgarishi sababli kelajakda ekstremal yog‘ingarchiliklar yanada kuchayishi mumkin.

Akbar Anvarov

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring