Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng yirik musulmon davlat G‘azoga qo‘shin yubormoqchi

Dunyodagi eng yirik musulmon davlat G‘azoga qo‘shin yubormoqchi

Indoneziya G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish uchun kamida 20 ming askar yuborishga tayyor. Bu haqda mamlakat prezidenti Prabovo Subianto 23-sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ma’lum qildi.

“BMT Xavfsizlik kengashi va Bosh assambleya qaror qabul qilsa, Indoneziya G‘azo sektori va Falastinning boshqa hududlarida tinchlikni mustakamlash uchun birlashgan ko‘p tomonlama qo‘shin tarkibida 20 ming va hatto undan ko‘proq askar yuborishga tayyor. Ikki davlat haqidagi qaror orzu bo‘lib qolmay, reallikka aylanishi kerak”, – dedi Indoneziya rahbari.

Prabovo Subiantoga ko‘ra, Indoneziya BMTning tinchlikparvar missiyasida faol qatnashib kelayotgan davlat sifatida G‘azo sektorida tinchlikni mustahkamlashda ham jonbozlik ko‘rsatadi.

Ma’lumot o‘rnida: Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan Indoneziya dunyodagi eng yirik musulmon davlat hisoblanadi. Ushbu o‘lka aholisining (270 million kishi) 85 foizi musulmonlardan iboratdir.

BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasi davomida yana bir qator davlat rahbarlari dunyo hamjamiyati e’tiborini G‘azo sektoridagi og‘ir vaziyatga qaratdi.

Jumladan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroil G‘azoda 23 oydan buyon har soatda shafqatsizlarcha bir bolani o‘ldirayotgani haqida gapirdi.

“2-3 yashar ma’sum bolalar qo‘l-oyog‘idan ajralib majruh bo‘lib qolishi G‘azoda odatiy holga aylandi. Men dunyoninng barcha yetakchilariga qarata xitob qilmoqdaman: odamzod istiqboli uchun mazlum falastinliklarni himoya qiladigan kun keldi!” – deya xunrezlikni to‘xtatishga chaqirdi Erdo‘g‘on.

Avval xabar berganimizdek, BMT minbaridagi nutqi mobaynida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ushbu masalaga to‘xtaldi.

“G‘azo sektoridagi tobora keskin yomonlashib borayotgan gumanitar inqirozni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqiramiz. Biz BMT rezolyusiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz”, – dedi Sh.Mirziyoyev. 

Rasmiy raqamlarga qaraganda, Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan noteng urushda 65382 nafar falastinlik halok bo‘ldi, yana 166985 nafari jarohatlandi. Yana minglab jasadlar vayronalar ostida qolmoqda.

YuNISEFga ko‘ra, G‘azoda so‘nggi 22 oy ichida halok bo‘lgan bolalar soni 18 mingdan ortib ketdi

O‘tgan hafta BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi.

Avvalroq Isroildagi ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti – B’Tselem hamda Physicians for Human Rights ham Netanyahu hukumatini falastinliklarga nisbatan genotsid sodir etishda ayblab chiqqan edi. Hisobotda Isroil armiyasi sodir etgan jinoyatlar, jumladan, minglab bolalar, ayollar va keksalarning o‘ldirilishi, majburiy ko‘chirishlar, uy va turarjoylarning yo‘q qilinishi, shifoxonalarning vayron etilishi, ocharchilikning yuzaga keltirilishi batafsil tasvirlangan.

Xalqaro tashkilotlar Isroil armiyasi G‘azo sektorida qonli urushni davom davom ettirar ekan, falastinlik tinch aholi vakillari orasida qurbonlar soni shiddat bilan oshib borayotgani, g‘azoliklar ochlik, tashnalik va xastaliklar tufayli ham vafot etayotgani haqida bong urmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring