DW: so‘z erkinligi bo‘yicha nufuzli mukofot sohiblari nomi ochiqlandi
Ukrainalik ikki jurnalist – Mstislav Chernov hamda Yevgeniy Maloletka 2022 yilda «So‘z erkinligi yo‘lidagi xizmatlari uchun» (Freedom of Speech Award) mukofoti bilan taqdirlandi. DW tomonidan ta’sis etilgan nufuzli mukofot Germaniyaning Bonn shahrida bo‘lib o‘tayotgan global mediaforum doirasida 20 iyun kuni topshirildi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.
«Gohida axborot inson hayotini saqlab qolish uchun yegulikdan ham muhimroq bo‘lishi mumkin. Ushbu fikr bizga eng mushkul pallalarda ham kasbiy faoliyatimizni davom ettirishga kuch bag‘ishladi», – dedi Mstislav Chernov mukofotni olar ekan.
«Mariupol fojiasi bir umr qalbim va vujudimda chandiq bo‘lib qoladi. Ayni choqda, urush haqiqatlarini hujjatlashtirish orqali dunyoga Ukrainada nimalar sodir bo‘layotgani, minglab odam ma’nisiz muhoraba tufayli halok bo‘layotganini ko‘rsatib bera olganimiz bizga taskin beradi», – deya mulohaza bildirdi Yevgeniy Maloletka.
M.Chernov (Associated Press jurnalisti) va Ye.Maloletka (fotojurnalist) joriy yil 24 fevral kuni boshlangan Ukraina bosqinini yoritishda jasorat va yuksak professionallik namoyish etgani sabab xalqaro miqyosda e’tirof qozondi. Ikki jurnalist hayotini xavf-xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, Rossiya armiyasi tomonidan qamal qilingan Mariupol shahrida faoliyatini davom ettirdi. Urushning dahshatli qiyofasi haqqoniy ko‘rsatilgan ijodiy ishlar dunyo miqyosida kuchli aks sado berdi va ko‘plab yetakchi nashrlarda chop etildi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainaning Mariupol shahri bir necha oylik qarshilikdan keyin may oyida Rossiya qo‘shini tomonidan ishg‘ol etilgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qamalda qolgan shahardagi vaziyatni og‘ir deb baholagan va harbiy harakatlarni tinch aholiga qarshi qaratilgan terrorchilik operatsiyasi deb atagan edi.
Avval xabar berganimizdek, DW tomonidan, Germaniya tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda (Global Media Forum) dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan kelgan ekspertlar OAV faoliyatiga doir dolzarb masalalarni muhokama qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter