Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

EIning Isroil jinoyatlariga ko‘z yumishi «dahshat va umidsizlik» – Falastin TIV

EIning Isroil jinoyatlariga ko‘z yumishi «dahshat va umidsizlik» – Falastin TIV

Seshanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yahudiy davlatiga qarshi biror chora ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erisha olishmadi. Biroq Yevropa Ittifoqi hisobotida Isroil tomoni Isroil-Yevropa Ittifoqi assotsiatsiyasi kelishuvining inson huquqlari va demokratik tamoyillarga rioya qilish kerakligiga doir 2-moddasini buzganligi ta’kidlangan.

«Bu dahshat. Yevropa Ittifoqining yangi hisobotida Isroil 38 ta holat bo‘yicha xalqaro huquq normalarini buzayotgani aniq aytilgan. Bu qonunbuzarliklar hammaning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda. G‘azoda nimalar bo‘layotganini butun dunyo ko‘rib turibdi. Qotilliklar, vahshiyliklar, harbiy jinoyatlar, oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanish, bir paket un uchun navbatda turgan odamlarning o‘ldirilishi...», – deydi Varsen Agabekyan-Shahine Euronews’ga bergan eksklyuziv intevyusida.

Avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas vazirlarga qonunbuzarliklarga javoban Isroilga qarshi mumkin bo‘lgan sanksiyalarning o‘nta variantini taklif qilgani aytilgan edi.

Variantlar orasida Isroilning Yevropa Ittifoqining Horizon Europe tadqiqot dasturiga kirishini to‘xtatib turish, cheklangan savdo choralari, qurol-yarog‘ embargosi yoki Isroil hukumatining Xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va Moliya vaziri Bezalel Smotrich kabi ekstremistik a’zolariga qarshi sanksiyalar bor.

Smotrich ham, Ben-Gvir ham Buyuk Britaniya, Norvegiya, Kanada, Yangi Zelandiya va Avstraliya tomonidan «bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Falastin jamoalariga qarshi qayta-qayta zo‘ravonlikni qo‘zg‘atganliklari» uchun sanksiya ostiga olingan.

Ammo bu chora-tadbirlarning hech biri kutilgan natijalarni bermayapti. Boshqa aksariyat qarorlar esa barcha a’zo davlatlarning bir ovozdan qabul qilishini talab qiladi va Germaniya, Avstriya, Vengriya va Chexiya Isroilning Falastin hududlaridagi harbiy kampaniyalarini doimiy ravishda tanqid qilishdan bosh tortib kelgan.

O‘tgan hafta seshanba kungi yig‘ilish oldidan YeI Isroil bilan G‘azoga gumanitar yordam, jumladan, tibbiy buyumlar olib ketuvchi yuk mashinalari sonini «sezilarli» ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum qilingan edi.

Kayaa Kallas esa seshanba kungi yig‘ilishda G‘azoga kirib kelayotgan yuk mashinalari soni bilan bog‘liq vaziyat biroz yaxshilangan bo‘lsa-da, bu hali ham «halokatli» ekanini aytdi.

Kelishuvdan keyingi kunlarda yordam olishga uringan o‘nlab falastinlik tinch aholi, jumladan, bolalar halok bo‘lmoqda. Jumladan, yakshanba kuni Nuseyrat qochqinlar lageridagi suv taqsimlash markazida 10 kishi, jumladan, olti bola halok bo‘lgan.

«Yevroittifoqi kelishuvga rioya etilishini qattiq nazorat qilishidan umidvorman. Chunki kelishuv tuzilganidan buyon o‘tgan haftaga nazar tashlasak, ko‘proq odam o‘ldirilganini ko‘rdik. Chodirlarda tibbiy yordam kutayotgan bolalarning vahshiylarcha o‘ldirilayotganini ko‘ryapmiz», – dedi Falastin tashqi ishlar vaziri.

Agabekyan-Shahinning aytishicha, ilgari oziq-ovqat va yordam tarqatish punktlari soni 300 taga yetgan bo‘lsa, bugun ularning soni to‘rtta qolgan.

Manba: ru.euronews.com

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring