Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekspertlar: “Bu hodisa Rossiyaning zaif nuqtalarini fosh qildi”

Ekspertlar: “Bu hodisa Rossiyaning zaif nuqtalarini fosh qildi”

1 iyun kuni Ukraina xavfsizlik xizmati “O‘rgimchak to‘ri” deb nomlangan maxsus amaliyot doirasida Rossiyaning 41 ta strategik uchog‘ini yo‘q qilgani haqida xabar bergandik.

Ukraina tomoni Rossiyaning ichki hududlariga – Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi besh aerodromga dronlar orqali hujum uyushtirgan.

Kiyev maxsus operatsiya oqibatida Rossiya 7 mlrd dollar zarar ko‘rgani, Rossiyaning asosiy aerodromlarida joylashgan strategik qanotli raketa tashuvchilarining 34 foizi safdan chiqarilganini ma’lum qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini “tarix darsliklariga kiritiladigan” muvaffaqiyatli amaliyot deb baholagan.

Ekspertlar ushbu yirik amaliyotning sabab-oqibatlarini keng muhokama qilmoqda.

“Yo‘q qilingan uchoqlarga doir Ukraina tomoni ochiqlagan ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, u holda, bu – Rossiyaning strategik bombardimonchi flotiga berilgan misli ko‘rilmagan jiddiy zarbadir”, – deydi harbiy ekspert Karlo Masala.

Bild nashri harbiy tahlilchisi Yulian Ryopke fikricha, Rossiya tasarrufidagi 66 ta Tu-95 va Tu-160 rusumli strategik bombardimonchi uchoqdan 22 tasi shikastlangan.

“Bu holat Rossiya harbiylari (masalan, NATOning yirik mamlakatiga qarshi) real urushga tayyor emasligidan dalolat beradi. Na angar, na havo hujumidan mudofaa tizimi, na radioelektron kurash tizimi bor. Butkul himoyasiz bombardimonchi uchoqlar birin-ketin yo‘q qilindi”,  – deb yozdi Yulian Ryopke.

Aksar tahlilchilar 1 iyun kungi dronlar hamlasi Rossiyaning ojiz nuqtalarini, xususan, strategik aviabazalar xavfsizligi ta’minlanmaganini ko‘rsatdi, deb hisoblaydi.

“Yo‘q qilingan uchoqlar o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas uchoqlardir. Ikkinchi jahon urushidan buyon biror bir yirik davlat bu qadar xo‘rlanmagan edi”, – deydi amerikalik jurnalist Boyan Panchevski.

Ekspertlar Ukraina chegaradan bir necha ming km olisga – Sibirdagi harbiy bazaga hamla qila olganini Rossiya uchun xavotirli hol deb baholamoqda.

BBC’ning qurollanish bo‘yicha tahlilchisi Kris Partrijga ko‘ra, endilikda Rossiyaning Ukraina hududiga uchoqlar orqali qanotli raketalar otish imkoniyati torayadi.

Rossiya 2022 yil fevral oyidan buyon Ukraina hududiga Tu-95 uchog‘i orqali X-101 rusumli qanotli raketalar yog‘dirib kelgan. 

“O‘rgimchak to‘ri” amaliyoti davomida yo‘q qilingani aytilayotgan A-50 uchoqlari esa qiruvchi samolyotlarga ma’lumotlar yetkazib turgan. 

Kris Partrij dronlar Rossiyaning an’anaviy havo hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘tgani va xavf haqida oldindan xabar berish tizimi ishlamaganini qayd etgan. 

Rossiyadagi Z-blogerlar, ya’ni urushni yoqlovchi sayt va kanallar esa 1 iyun kungi amaliyotni Ikkinchi jahon urushi davridagi Pyorl Harbor amaliyotiga  o‘xshatgan. Ma’lumot o‘rnida: Yaponiya tomonidan 1941 yilning 7 dekabr kuni AQShning Pyorl Harbordagi harbiy-dengiz bazasi uyushtirilgan hujum oqibatida Qo‘shma Shtatlar floti katta yo‘qotishga uchragan va pirovardida Vashington Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilgan edi. 

Fighterbomber kanali ta’kidicha, Ukraina uyushtirgan dronlar hujumi Rossiyaning uzoqqa parvoz qiluvchi aviatsiyasi tarixidagi qora kun hisoblanadi. 

“Bu strategik yadro muvozanati kuchlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbadir. Bu mamlakatimizning yadro muhofaza qobiliyati pasayganidan dalolat”, – deb yozadi “Dva mayora” kanali.

Aksar rossiyalik blogerlar shikastlangan yoki yo‘q qilingan bombardimonchi uchoqlarning aksari Sovet Ittifoqi davrida ishlab chiqarilgani va so‘nggi yillarda ularni ishlab chiqarish to‘xtatilgani, binobarin, ularni qayta tiklash juda qiyin bo‘lishiga e’tibor qaratgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring