Eronning birinchi prezidenti chet elda vafot etdi

1980-yilda yangi tashkil etilgan Eron Islom Respublikasining birinchi prezidenti etib saylangan Abulhasan Banisadr shanba kuni 88 yoshida Parijdagi Salpetriyer shifoxonasida olamdan o‘tdi, deb xabar bermoqda Fars agentligi.
«Islom Respublikasining birinchi prezidenti Abulhasan Banisadr 89 yoshida Parijdagi Salpetriyer shifoxonasida vafot etdi», — deyiladi agentlik xabarida.
Agentlik o‘lim sabablariga aniqlik kiritmagan.
1979-yili Eronda Muhammad Rizo Pahlaviy (1941-1979) boshchiligidagi podshohlik ag‘darilishi natijasida Eron Islom Respublikasi tashkil topdi. Hukumat tepasiga oyatulloh Ruhulloh Humayniy boshchiligidagi shia ruhoniylari keldi va u Eron oliy rahbariga aylandi.
Banisadr Humayniyning safdoshi bo‘lgan va inqilobiy organlarda ko‘plab yuqori lavozimlarni egallagan: u Islom inqilobi kengashining a’zosi bo‘lgan, keyin uning o‘rinbosari etib tayinlangan, iqtisod va moliya vaziri, shu bilan birga, tashqi ishlar vaziri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Shuningdek, u Eronning birinchi konstitutsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
Banisadr 1980-yil 25-yanvarda 76,5% ovoz to‘plab prezident etib saylangan. Ammo 1980-yilda boshlangan Eron-Iroq urushi tufayli Humayniy Banisadrni mamlakat va harbiy harakatlarni boshqara olmaslikda ayblab, bosh qo‘mondonlik vakolatlarini olib qo‘ydi.
1981-yil iyun oyida parlament Banisadrga «islom ruhoniylariga qarshi qaratilgan faoliyati uchun» impichment e’lon qildi. So‘ngra Humayniyning o‘zi Banisadrni prezidentlikdan ozod qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Shundan keyin Banisadr boshqa qator siyosatchilar bilan birga Erondan hijrat qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter