Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq Alisher Usmonovning singlisini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi

Yevroittifoq Alisher Usmonovning singlisini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyeva Ukrainadagi urushga javoban tuzilgan Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan o‘chirildi. Bu haqda The Guardian nashri yozmoqda.

Saodat Narziyeva Yevroittifoqning aprel oyida rossiyalik amaldorlar va oligarxlarning bir qator qarindoshlari qatorida ro‘yxatga kiritilgan edi.

Nashrning qayd etishicha, Usmonov va Narziyeva aprel oyida Yevropa Ittifoqi bo‘ylab sayohat qilish yoki a’zo davlatlar hududida joylashgan aktivlardan foydalanishga to‘sqinlik qilgan sanksiyalarni bekor qilish maqsadida sudga murojaat qilgan. So‘nggi xabarlar Usmonovning sanksiyalar ro‘yxatida qolganini ko‘rsatmoqda.

Joriy haftada Yevropa Ittifoqining «qora» ro‘yxatidan o‘chirilgan boshqa ismlar orasida marhum rossiyalik siyosatchi Vladimir Jirinovskiy va moliyachi Mixail Fridmanning sobiq rafiqasi Olga Ayziman ham bor.

Narziyevaning matbuot kotibi Yevroittifoqning ushbu qarorini olqishlab, Buyuk Britaniyaning nazorat organlari tomonidan ham sanksiyalar bekor qilinishiga umid bog‘lagan.

Narziyevaga nisbatan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, ya’ni 13-aprel kuni u Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 56 yoshli Saodat Narziyeva Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi kamida 27 ta maxfiy korporativ hisobining bir martalik benefitsiari hisoblanishi ma’lum bo‘lgan edi. Ulardan eng kattasi 2011-yilda taxminan 1,9 milliard Shveysariya frankiga ega bo‘lgan bo‘lsa, qolgan ikkitasida 2014-yil holatiga ko‘ra taxminan 460 million va 1,3 milliard va 460 million bor edi.

Narziyeva Toshkent shahridagi tug‘ruqxonada akusher-ginekolog bo‘lib ishlaydi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring