Yevroittifoq diplomatlari Rossiyaga qarshi 18-sanksiya paketini kelishib oldi

Yevropa Ittifoqining 27 davlati elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda dpa bir necha diplomatlarga tayanib xabar bermoqda.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas tasdiqlangan sanksiyalar paketini «eng qattiqlaridan biri» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u neftning yuqori narxini pasaytirishni nazarda tutadi (hozirda bir barrel uchun 60 dollar etib belgilangan). Bundan tashqari, sanksiyalar «Rosneft»ning Hindistondagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga, shuningdek, «ukrainalik bolalarni mafkuraviy qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchilarga» ta’sir qiladi.
«Biz Rossiya harbiy sanoatiga, sanksiyalarni chetlab o‘tishga imkon beruvchi Xitoy banklariga bosimni kuchaytirmoqdamiz va dronlarda qo‘llaniladigan texnologiyalar eksportiga to‘sqinlik qilyapmiz», – dedi Kallas.
Reuters xabariga ko‘ra, Rossiya neftining narxi bir barrel uchun 47,6 dollargacha pasaytiriladi.
Yevrokomissiyaning 2028 yildan boshlab Rossiya gazini import qilishni to‘liq taqiqlash taklifi tufayli Slovakiya sanksiyalarning 18-paketini qabul qilinishiga to‘sqinlik qilgan. Bratislava bunday chora gaz tanqisligi, yuqori narxlar va tranzit to‘lovlarining oshishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.
Biroq 17 iyul kuni bosh vazir Robert Fitso qarama-qarshiliklar bartaraf etilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Slovakiya pozitsiyasiga Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bilan gaz kafolatlari bo‘yicha muzokaralar ta’sir ko‘rsatgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter