Yevropa avtomobildan foydalanmaslik yo‘llarini izlamoqda
Yevropa shaharlari, jumladan, Parij, Berlin va Milan pandemiyadan so‘ng velosipedchi va piyodalar bilan do‘stona munosabat o‘rnatishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi «Lonely Planet».
Parijda butun shahar bo‘ylab 65 kilometr yangi velosiped yo‘laklari yaratildi. Bu koronavirus tufayli kelib chiqqan inqirozga qadar shahar meri Ann Idalgo tomonidan o‘ylab topilgan «Velo rejasi»ning bir qismi sanaladi. Unga ko‘ra 2024-yilgacha Fransiya poytaxti velosipedchilar bilan do‘stona munosabat o‘rnatishi kerak edi. Lekin endi loyihani amalga oshirish tezlashadigan bo‘ldi.
Odamlarning shaxsiy avtomobillardan velosipedlarga o‘tishini rag‘batlantirish maqsadida 20 million yevro ajratildi. Parij ma’muriyati, shuningdek, shaxsiy avtomobillarning shahardagi eng gavjum transport magistrallaridan biri bo‘lgan Ryu de Rivoliga kirishini taqiqladi. U faqat velosipedchilar, jamoat transporti va «Tez yordam» mashinalari uchun ochiq.
Berlin ham shunga o‘xshash choralarni qo‘llamoqda: odamlarga ijtimoiy masofani saqlashga yordamlashish maqsadida vaqtincha veloyo‘lakchalar tashkil etildi.
Milanda «Strade Aperte» (Ochiq ko‘chalar) rejasi amalda. U 35 kilometr shahar ko‘chalarini piyodalar va velosipedchilarga ajratishni nazarda tutadi.
Koronavirus tufayli cheklovchi qonun-qoidalar joriy etilgandan beri Yevropa yo‘llarida avtomobillar sonining kamayishi aholi salomatligi va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Energiya va toza havo sohasidagi tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi oylarda havo sifatining yaxshilanishi Yevropada iflos havo tufayli o‘lim darajasining pasayishiga olib kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter