Yevropada Putinni tabriklaydigan davlat rahbari topildi
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Rossiya rahbari Vladimir Putinni navbatdagi muddatga prezident etib saylangani bilan tabrikladi. Orban murakkab geosiyosiy sharoitda ham Vengriya va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik davom etishini urg‘ulagan.
Yevropa Ittifoqiga a’zo sanalgan Vengriya hukumati yetakchisi tomonidan Kremlga qutlov yo‘llangani tanqidiy baholandi.
Negaki, YeIning barcha davlatlari Rossiyadagi prezidentlik saylovining qonuniyligini tan olmadi. Bryussel, shuningdek, Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida ovoz berish tashkil etilganini ham qoraladi.
Aksar G‘arb davlatlari kabi Rossiyada saylov erkin va halol o‘tkazilganini savol ostiga olgan Germaniya hukumati rasmiy hujjatlarda Vladimir Putin “Rossiya Federatsiyasi prezidenti” deb yuritilmasligi, shunchaki uning ism-familiyasi zikr qilinishini bildirdi.
AQSh ma’muriyati ham Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklashni ep ko‘rmadi.
Rossiyada 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Putin 87,28 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Foto: AFP
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter