Yevropalik deputat Isroilni mudhish istiqboldan ogohlantirdi (video)
Yevropa parlamentining a’zosi Kler Deyli Isroil bombardimoni oqibatida G‘azoda minglab tinch aholi vakillari qurbon bo‘layotganini keskin tanqid qildi. Bu haqda TRT xabar berdi.
«(G‘azoda) halok bo‘lganlar soni dahshatli darajada oshib borayotganiga qaramay, Isroil ham jang maydonida, ham axboriy makonda mag‘lubiyatga uchramoqda. Okkupatsiya va aparteid siyosatini yuritgan Isroil bu ketishda uzoq yillar davomida «yakka moxov» bo‘lib qoladi. Buni ular biladi. Shu bois, «Cho‘kayotgan xasga ham yopishadi» deganlaridek, qo‘lidan kelgan ishni qilmoqda. AQShning e’tiborini tortish va o‘z xatti-harakatlari oqibatlaridan xalos bo‘lish maqsadida Livan, Eron va boshqalar bilan katta urush chiqarishga urinmoqda», – deydi irlandiyalik deputat Kler Deyli.
Siyosatchi AQSh prezidenti Jo Bayden hamda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenni Isroilning zo‘ravonlik tegirmoniga suv quyishda ayblagan.
«Aynan ular Isroil terrorizmini dastaklashda davom etmoqda. Ular bo‘lmaganda, zo‘ravonlik allaqachon barham topar edi», – deydi u.
Irlandiyalik siyosatchi o‘z chiqishida AQSh rahbarini «qassob», Yevrokomissiya raisini «genotsid xonim» deb atagan.
Uning ta’kidlashicha, Yevropa xalqi Isroil emas, balki Falastin va uning manfaatlarini Xalqaro sudda himoya qilayotgan JAR tomonida.
2023 yil dekabr oyida Yevropa parlamentining belgiyalik a’zosi Mark Botengi ham G‘azoda tinch aholi vakillari halok bo‘layotganini keskin qoralagan edi. Unga ko‘ra, yevropalik siyosatchilar Isroilni qo‘llab-quvvatlash va qurol-aslaha yetkazish bilan mudhish jinoyatga sherik bo‘lmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter