Falastin elchisi Isroilning yashirin maqsadi haqida gapirdi

HAMAS harakati garovdagilarni ozod qilib, Isroilga taslim bo‘lgan taqdirda ham yahudiy davlati G‘azodagi harbiy amaliyotni davom ettiradi, deb hisoblaydi Falastinning O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchisi Javad Muhammad Avad.
Diplomat TASS muxbiriga bergan intervyusida Isroilning yashirin maqsadini ham ochiqlagan.
«Isroilning hozirgi harakatlari biror guruh, xususan, HAMASga qarshi shunchaki kurash emas. Balki bu Falastin xalqiga qarshi urushdir. Bundan ko‘zlangan maqsad esa G‘azo sektorida qolgan falastinliklarni Sinay sahrosiga siqib chiqarishdir. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, sionistlarning “Yersiz xalq uchun xalqsiz yer” degan mashhur shiori amalga oshirilmoqda. Ular Falastinning ushbu qismi va G‘azo sektori butunlay tozalanishi kerak deb hisoblaydilar», – deydi doktor Javad Muhammad Avad.
Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi insonlar o‘limiga olib kelgan shiddatli hujumi va odamlarni garovga olganiga javoban G‘azo hududiga bomba yog‘dirishda davom etmoqda.
Diplomatning fikricha, garovdagilar topshirilgan taqdirda ham vaziyat o‘zgarmaydi.
«HAMAS uchun taslim bo‘lishdan ma’ni yo‘q. Chunki shunday bo‘lgan taqdirda ham Isroil Falastinning qolgan aholisi xavfsiz joyga ketishi uchun o‘z xatti-harakatlarini davom ettiradi», – deydi Falastin elchisi.
Avval xabar berganimizdek, elchi Javad Muhammad Avad 2023 yil 12 aprel kuni O‘zbekiston prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirgan.
Avvalroq «The Guardian» gazetasida chop etilgan maqolada ham Tel-Aviv ma’muriyati vaziyatdan foydalanib, G‘azoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda Misrning Sinay yarim oroliga ko‘chirish va shu orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotgani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi.
Tahlilchilar bu ikkinchi Naqba (1948 yilda yuz minglab falastinlik vatanidan ko‘chirilgani «Naqba», ya’ni «Fojia» deb ataladi) bo‘lishidan ogohlantirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter