Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Filippinda davom etayotgan suv toshqinlari 1,4 million kishiga zarar yetkazdi

Filippinda davom etayotgan suv toshqinlari 1,4 million kishiga zarar yetkazdi

Filippindagi suv toshqinlari oqibatida kamida 29 kishi halok bo‘ldi, 4 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Xavflarning oldini olish va tabiiy ofatlarni bartaraf etish bo‘yicha milliy kengashning hisobotida ta’kidlanishicha, noqulay ob-havo respublikaning 14 ta hududida sodir bo‘lib, 1,39 milliondan ortiq kishiga zarar yetkazgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 484 ta evakuatsiya markazidan 203,3 ming kishi ko‘chirilgan. Kamida 14,1 ming kishi uyini tark etgan, 12 nafar fuqaro turli tan jarohatlari olgan. Respublikaning 14 ta hududida tabiiy ofat bilan bog‘liq 1,03 mingdan ortiq hodisalar, jumladan, suv toshqinlari va ko‘chkilar qayd etilgan.

Tabiiy ofat 1,37 ming uyga 2,41 million peso (43,8 ming dollar) miqdorida zarar yetkazgan. 156 ta infratuzilma ob’yektiga yetkazilgan zarar 171,5 million peso (3,13 million dollar), qishloq xo‘jaligiga yetkazilgan zarar 399,5 million peso (7,29 million dollar)ga baholanmoqda. Suv toshqinlari 238 ta yo‘l va 55 ta ko‘prikni vayron qilgan, 26 ta dengiz portiga zarar yetkazgan.

555 ta shahar va 134 ta munitsipalitetda maktablar va korxonalar faoliyati to‘xtatildi. 32 ta aholi punktida favqulodda holat joriy etilgan. Hukumat yordam uchun 74,5 million peso (1,36 million dollar) ajratgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring