Fransiyada diniy yetakchilar qarshi chiqqan qonun qabul qilindi

Fransiya parlamentining quyi palatasi – Milliy Assambleya evtanaziya haqidagi qonunni qabul qildi. Ushbu hujjat og‘ir va bedavo dardga chalingan bemorlarga ixtiyoriy ravishda hayot bilan vidolashish imkonini beradi.
Qonun loyihasini 305 deputat qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 199 nafari qarshi chiqqan.
Hujjat muhokama uchun yuqori palata – Senatga yuborilgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron evtanaziya to‘g‘risida qonun qabul qilinishini olqishlagan.
Mamlakatdagi katolik, pravoslav, protestant, islom, yahudiy va budda diniy jamoalari yetakchilari esa qonun loyihasiga qarshi chiqqan.
Qonunga muvofiq, og‘ir va bedavo dardga chalingan bemorlarning talabiga ko‘ra, shifokor xulosasi asosida o‘z-o‘zini o‘ldiruvchi tibbiy vositalar berilishi mumkin. Bu huquqdan Fransiyaning 18 yoshdan yuqori fuqarolari foydalana oladi. Ruhiy xastaliklarga chalingan bemorlar bu huquqdan foydalana olmaydi.
Dunyo bo‘ylab sanoqli davlatlarda bemorning ixtiyoriy ravishda hayot bilan vidolashuviga qonunan ruxsat berilgan. Jumladan, Shveysariya, Niderlandiya, Belgiya, Lyuksemburg, Kanada, Kolumbiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Portugaliya, Avstraliya va AQShning ayrim shtatlarida “o‘lim huquqi”ni qonunan amalga oshirish mumkin.
Bir muddat avval Avstriyada ham evtanaziya haqidagi qonun kuchga kirgandi.
Evtanaziya yunoncha “eu” (yaxshi) va “thanatos” (o‘lim) so‘zlaridan yasalgan bo‘lib, “yaxshi o‘lim” degan ma’noni bildiradi. Bu zamonaviy jamiyatning eng og‘riqli va bahsli masalalari sirasiga kiradi. Ko‘p sonli olimlar evtanaziyani o‘z joniga qasd qilish o‘laroq tanqidiy baholaydi va unga qonuniy ruxsat berilishini qoralaydi.
Samoviy dinlar, xususan, islomda ham Yaratgan omonat o‘laroq bergan jon ne’matiga qasd qilish gunohi kabira hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter