Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiyadan Isroilga «sovg‘a»

Fransiyadan Isroilga «sovg‘a»

Makron G‘azodan 55 km uzoqda, Misr hududida nutq so‘zlamoqda. 2025 yil 8 aprel.

Foto: AFP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rasmiy Parij yaqin muddatda Falastinni davlat sifatida tan olishini ma’lum qildi. Bu masalaga u Misrga ikki kunlik tashrifidan keyin France 5 telekanaliga bergan intervyusida to‘xtalgan.

Joriy yil iyun oyida Saudiya Arabistonida Fransiya hamraisligida ikki davlat (Isroil va Falastin) muammosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Fransiyaning Falastin davlatini rasman tan olishi ushbu anjumanda e’lon qilinishi mumkin. 

«Biz (Falastin davlatini) tan olish yo‘lida harakat qilishimiz kerak. Biz bunga yaqin oylarda erishishimiz mumkin... Men buni amalga oshiraman. Chunki, o‘ylaymanki, bu qaysi bir pallada adolatli qadam bo‘ladi. Chunki men ham Falastinni himoya qilishga qaratilgan jamoaviy harakatda qatnashishni istayman», – degan Emmanuel Makron.

Makron 2024 yilda Falastin davlatini tan olish Fransiya uchun tabu, ya’ni taqiqlangan harakat emasligini ta’kidlagandi.

Fransiya yetakchisi Misrga tashrifi chog‘i G‘azo sektorida o‘n minglab odam halok bo‘lgani, bolalar yetim qolgani, ikki million kishi insonparvarlik ko‘magiga muhtoj ekanini ta’kidlagan.

Makron G‘azo sektori «ko‘chmas mulk» emasligini ham uqtirgan. Bu bilan u Falastin hududini «ko‘chmas mulk» deb ta’riflab kelayotgan AQSh prezidenti Donald Trampga e’tiroz bildirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Parij tomonidan Falastinning tan olinishi uning Tel-Aviv ma’muriyati bilan munosabatlari keskinlashuviga olib kelishi mumkin.

Gap shundaki, Isroil mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilingan.

Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi. 

Hozirga qadar Falastin davlatini BMTga a’zo 146 mamlakat, jumladan, O‘zbekiston tan olgan.

2024 yil iyun oyida Armaniston Falastin mustaqilligini tan olgan.

2024 yil may oyida Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya ham Falastin mustaqilligini rasman tan olgan davlatlar safiga kirgan.

O‘tgan yili, shuningdek, Sloveniya Falastinni 1967 yilgi chegaralar doirasida va BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyusiyalariga muvofiq mustaqil va suveren davlat sifatida tan olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring