Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Fransiyalik Tramp» xurmacha bayonoti sabab jarimaga tortildi

«Fransiyalik Tramp» xurmacha bayonoti sabab jarimaga tortildi

Foto: Reuters

Joriy yil aprel oyida Fransiya o‘tadigan prezidentlik saylovida nomzod, o‘ta o‘ng qanot siyosatchi Erik Zemmur nafrat qo‘zg‘ashda ayblanib 11 ming yevro jarimaga tortildi.

Gap shundaki, E.Zemmur 2020-yili CNews telekanali orqali chiqishida Fransiyadagi voyaga yetmagan muhojirlarni haqorat qilgan.

«Ular o‘g‘ri, kallakesar va zo‘ravonlardir. Ularni qaytarib yuborish kerak, ularning bu yerga (Fransiya nazarda tutilmoqda – tahr.) kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», – degan Zemmur.

Parij sudi mazkur bayonotni so‘z erkinligi chegaralaridan chiqish va nafrat uyg‘otish deb malakalagan. Huquqbuzarning o‘zi hukm yuzasidan shikoyat berishini ma’lum qilgan.

Musulmonlar va muhojirlarga qarshi chiqishlari bilan tanilgan Zemmur ilgari ham ikki marta nizo qo‘zg‘ashda aybdor deb topilgan. 2011-yili «aksar narkotujjorlar qora tanlilar hamda arablardir» degan bahsli fikri uchun mahkamaga tortilgan. 2019-yilda esa fransiyalik musulmonlarni mustamlakachilar deb atagani uchun takror sud qarshisida javob berishiga to‘g‘ri kelgan.

Erik Zemmur 2021-yil dekabr oyida «Rekonkista» deb atalgan siyosiy harakatga asos solgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, «rekonkista» istilohining o‘zi siyosatchining aksilislomiy kayfiyati kuchli ekanini ko‘rsatadi. Tarixdan ma’lumki, Pireney yarim oroli, hozirgi Ispaniya hududida asrlar davomida islomiy amirlik hukm surgan. Ispan hamda portugallarning mazkur amirlikka qarshi harakati «Rekonkista» («qayta fath qilish») deb nomlangan.

E.Zemmur fransiyalik Tramp deb atalayotgani bejiz emas. Zero, fransuz siyosatchisining fikr-qarashlari ko‘p jihatdan AQShning sobiq prezidenti bilan hamohangdir.

63 yoshli E.Zemmur D.Tramp kabi migrantlarga qarshi murosasiz pozitsiyada. Qiziq jihati, muhojirlarni «ikkinchi sort» deb bilgan arbobning o‘zi jazoirlik yahudiylar oilasida tug‘ilgan.

Ayollarga suyagi yo‘q deb ta’riflanadigan siyosatchi shilqimlik, tegajoqlikni u qadar jiddiy jinoyat deb bilmaydi. Darvoqe, bir necha ayol, jumladan, hududiy deputatlardan biri E.Zemmurni jinsiy tegajoqlikda ayblab chiqqan. Ammo ayblovlar sudga qadar yetib bormagan.

Zemmur keyingi yillarda CNews telekanali orqali (mazkur kanal ko‘p jihatdan Tramp e’timod qo‘ygan Fox News telekanalini yodga soladi) o‘ng va o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi qarashlarini targ‘ib etib kelgan. U Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar Germaniyasi bilan hamkorlik qilgan fransuz hukumatini oqlashga uringani ortidan ham jiddiy tanqidga uchragan.

«Trampning izdoshi» Yevropa Ittifoqi siyosatini qoralaydi, «Brexit» borasida rasmiy Londonga ochiq xayrixohlik bildiradi. NATOni esa butun dunyo ishiga burun suqadigan G‘arb politsiyasi deb ataydi va Fransiya mazkur tuzilmadan chiqishi kerakligini ta’kidlaydi.

Yevropalik aksar siyosatdonlardan farqli o‘laroq Zemmur Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ochiq qo‘llab-quvvatlaydi va rasmiy Moskva bilan yaqin aloqalar o‘rnatish lozim deb hisoblaydi.

Aksilislomiy va irqchilik ruhidagi qarashlari tufayli bahs-munozara uyg‘otib kelayotgan E.Zemmur saylovda amaldagi prezident Emmanuel Makronga asosiy raqib bo‘lishi aytilmoqda. So‘nggi ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, u ikkinchi o‘rinni olib, keyingi turda Makron bilan bellashuvni davom ettiradi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring