Franko diktaturasi yarim asr o‘tib noqonuniy deb topildi

Fransisko Franko.
Ispaniya parlamentining yuqori palatasi Fransisko Franko diktaturasi va uning rejimi davrida qabul qilingan sud qarorlarini noqonuniy deb topdi. Tegishli qonun loyihasi tasdiqlangani haqida qonun chiqaruvchi organ saytida ma’lum qilindi.
Ispaniyadagi yetakchi sotsialistik ishchilar partiyasi hamda Unidos Podemos so‘llar partiyasi ilgari surgan ushbu qonun loyihasini 128 nafar senator qo‘llab-quvvatladi. Qarshilar — 113, betaraflar — 18 nafar.
Ushbu hujjat 1978-yildan 1983-yil oxirigacha bo‘lgan davrdagi inson huquqlari buzilishlarini o‘rganish imkonini berib, Ispaniyadagi fuqarolar urushi davrida bedarak yo‘qolganlarni topishda davlatning majburiyatini kuchaytiradi. Shuningdek, Franko taqdim etgan barcha zodagonlik unvonlari bekor qilinishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: 1939–1975-yillarda Ispaniyani boshqargan Fransisko Franko fuqarolar urushi (1936–1939)ga olib kelgan 1936-yildagi davlat to‘ntarishi tashkilotchilaridan biri sanaladi. Respublikachilarga qarshi kurashda millatchi kuchlarga boshchilik qilgan Franko urushda g‘alaba qozonganidan so‘ng butun Ispaniyani to‘liq nazoratiga olgan. Keyinchalik Frankchilar Ispaniyasi deb nom olgan o‘ng avtoritar rejim o‘rnatib, uzoq yillar hukmronlik qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter