Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘arb davlatlari fuqarolarini Isroilga bormaslikka chaqirdi

G‘arb davlatlari fuqarolarini Isroilga bormaslikka chaqirdi

Germaniya, Fransiya, Italiya, Shveysariya va Kanada tashqi ishlar vazirliklari Tel-Aviv va Tehron o‘rtasidagi navbatdagi keskinlashuv fonida fuqarolarni Isroil, Falastin, Livan va Eronga sayohat qilmaslikka chaqirdi.

Avvalroq o‘z fuqarolariga Buyuk Britaniya, Yaponiya va Rossiya hukumatlari tomonidan xuddi shunday tavsiyalar berilgandi. AQShning Quddusdagi elchixonasi amerikaliklarga hushyor bo‘lishni tavsiya qildi, chunki «xavfsizlik muhiti murakkabligicha qolmoqda va siyosiy vaziyatga qarab tez o‘zgarishi mumkin». AQSh hukumati Isroilga safar qilishni rejalashtirayotganlarni «qarorini qayta ko‘rib chiqishga» chaqirgan.

Amerika ommaviy axborot vositalari, jumladan Bloomberg va CBS, Eronning Isroilga raketa yoki dron hujumlari muqarrar ekanligini yozdi. Isroil 1 aprel kuni Damashqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi yuqori martabali qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy, uning o‘rinbosari Muhammad Hodi Hoji Rahimiy va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yana besh zobiti halok bo‘lgan havo hujumi uyushtirganidan beri Eronning javobi muhokama qilinmoqda.

Eron tomoni hujum Eronning Suriya poytaxtidagi konsulligiga qilinganini aytdi, biroq Tel-Aviv bu ma’lumotni tasdiqlamadi va u yaqin atrofdagi binoga qaratilganini ta’kidladi. Eron Tashqi ishlar vazirligi Tehron javob berish huquqini o‘zida qoldirishini aytdi.

Bir kun avval Amerika prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar Isroilni himoya qilishga sodiq ekanini va Eron ehtimoliy hujumda muvaffaqiyat qozona olmasligini aytgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring