Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroilga qat’iy talab qo‘yildi

Isroilga qat’iy talab qo‘yildi

Foto: AFP

G‘arb davlatlari Isroildan ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda falastinliklarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlarini to‘xtatishni talab qildi.

«Fransiya, Avstraliya, Belgiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi G‘arbiy sohilda ekstremistik kayfiyatdagi aholi tomonidan falastinliklarga hujumlar misli ko‘rilmagan darajada ko‘payganidan chuqur xavotir izhor qiladi.  Joriy yil oktyabr oyi boshidan buyon yahudiy turg‘unlari 343 dan ziyod shafqatsiz hujumlar uyushtirgan bo‘lib, oqibatda 8 nafar falastinlik tinch aholi vakili o‘ldirilgan, 83 dan ziyodi jarohatlangan, 1026 dan ziyod falastinlik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan», – deyiladi qo‘shma bayonotda.

G‘arb davlatlariga ko‘ra, Isroil o‘z fuqarolarining falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligiga chek qo‘yish uchun tezkor choralar ko‘rishi kerak.

«Biz ekstremistik kayfiyatdagi aholi vakillari tomonidan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlarini va falastinliklar jamoasi qo‘rqitilayotganini keskin qoralaymiz. Biz (Isroilning G‘arbiy sohilda) manzilgohlar qurish siyosati xalqaro huquqqa zid ekanini yana bir bor ta’kidlaymiz. Isroilga xalqaro huquq, xususan, Jeneva konvensiyasining 49-moddasi bo‘yicha majburiyatlarini eslatib o‘tamiz», – deyiladi talabnomada.

Ta’kidlanishicha, Isroil G‘arbiy sohilni bosib olgan davlat sifatida tinch aholi vakillari xavfsizligini ta’minlash va zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan fuqarolarini jazolashga mas’uldir.

Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.

Ekstremistik kayfiyatdagi yahudiylar G‘arbiy sohilda yashovchi falastinlikning mashinasini yoqib yubordi. Foto: Reuters

BMT Tel-Avivning ishg‘ol siyosatini qoralaydi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan. 

G‘azodagi harbiy harakatlarda minglab tinch aholi vakili qurbon bo‘layotgan bir paytda G‘arbiy sohilda noqonuniy uylarda yashovchi yahudiylar tomonidan falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari avj olgani kuzatilmoqda. Tel-Aviv ma’muriyati tomonidan ularga qurol-aslaha tarqatilishi esa qonli fojialarga sabab bo‘lmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari Isroilni noqonuniy manzilgohlarda yashovchi o‘z fuqarolarining falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligiga qarshi zarur choralar ko‘rmaslikda ayblaydi.

Vaziyat o‘ta tarang ekaniga qaramay, Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy sohilda noqonuniy yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qildi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroil hukumati ayni urush avj olgan paytda noqonuniy turarjoylar qurilishi uchun mablag‘ ajratayotgani uni larzaga solganini ma’lum qilgan.

YeI, AQSh hamda Buyuk Britaniya G‘arbiy sohildagi falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan Isroil fuqarolariga viza cheklovi joriy qilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring