Gaz inqirozi: Yevropani sovuq faslda qora kunlari kutayotgan aytilmoqda
Yevropa pandemiya muammosini hal etishga ulgurmay energetik inqiroz bilan yuzma-yuz keldi. Ko‘hna qit’ada energiya manbalari narxi osmonga sapchigan. Ma’murchilikka o‘rgangan mamlakatlarni sovuq faslda energetik tanglik kutayotgani aytilmoqda.
Yil boshidan buyon Yevropada gaz narxi uch baravarga oshdi. “Gazprom” rahbari Aleksey Millerga ko‘ra, narx oshishi davom etadi. Energiya manbalari va kommunal to‘lovlar qimmatlashuvi esa jamiyat hayotining barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatgan. Sirasini aytganda, yalpi narx-navo oshgan. Buning ortida esa ayrim mamlakatlarda norozilik namoyishlari kuzatilmoqda.
Energiya inqirozining sabablari talaygina. Birinchidan, o‘tgan yili Yevropada qish qattiq keldi. Havo haroratining favqulodda pasayishi tufayli qora kunlarga atalgan gaz zaxiralari ham sarflab yuborildi. Yoz esa kuchli jazirama va o‘rmon yong‘inlari bilan yodda qoldi. Anomal issiq kuzatilgan mavsumda esa odamlar konditsionerlar taftida jon saqladi. Bu, tabiiyki, elektr energiyasi sarfini karrasiga oshirdi.
Qolaversa, Osiyoga katta miqdorda gaz eksport qilinishi oqibatida Yevropada gaz taklifi keskin kamayib ketdi. Pandemiyadan keyin oyoqqa tura boshlagan iqtisodiyot uchun esa ko‘proq energiya manbalari talab etilayotgan edi.
Yevropaning o‘zida ham gaz qazib olish ko‘rsatkichi tushib ketdi. Avvalo, Shimoliy dengizdagi ayrim konlarning “tagi ko‘rinib qoldi”. Rejadagi ta’mir ishlari sabab yirik ta’minotchi – Norvegiyadagi bir necha gaz koni vaqtincha yopildi. Boz ustiga, ko‘hna qit’a yashil energetikaga o‘tayotgan bir paytda elektr energiyasi ishlab chiqarishda ham uzilishlar kuzatilmoqda. Gaz va elektr energiyasi bir-biriga et bilan tirnoq kabi bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada elektr energiyaning 40 foizi gaz yordamida olinadi.
Yevropalik siyosatdonlar energiya inqirozida allaqachon Rossiyani ayblamoqda. Gap shundaki, “Gazprom” shirkati ko‘hna qit’aga yiliga milliardlab kubometr gaz eksport qiladi. Ammo keyingi oylarda gaz yetkazish ko‘rsatkichi pasaygan. Ayrim arboblar “Gazprom” shu yo‘l bilan narx-navoni atayin qimmatlashtirmoqda deb hisoblaydi. Masalan, Germaniya kansleri lavozimi uchun nomzod Annalena Berbokka ko‘ra, Rossiya “Shimoliy oqim-2” loyihasi bo‘yicha to‘liq ruxsatni qo‘lga kiritish uchun sun’iy ravishda gaz taqchilligini yuzaga keltirmoqda.
Yevroparlamentning bir qator deputatlari YeIning ijroiya organi – Yevrokomissiyaga energiya manbalari narxi oshishida Rossiyaning qo‘li bor yoki yo‘qligini tekshirish borasida so‘rov ham yo‘llagan.
Rossiya va Germaniya hamkorligida barpo etilayotgan “Shimoliy oqim-2” gaz loyihasi rus gazini olmon zaminiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish imkonini beradi. Ayni paytda rus gazi ko‘hna qit’aga asosan Qora dengiz orqali yetkaziladi. “Shimoliy oqim-2” loyihasi ishga tushishi bilan Moskva Sharqiy Yevropa mamlakatlarini aylanib o‘tish imkoniga ega bo‘ladi.
AQSh va ayrim Yevropa mamlakatlari ushbu loyiha Rossiyaga energetik qaramlikni kuchaytiradi deb hisoblaydi. Shuningdek, NATO a’zosi bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlari energetik jabhada zaiflashadi degan xavotir mavjud. Qolaversa, yangi loyiha Ukrainaning gaz yetkazishdagi vositachilik rolini ham yo‘qqa chiqaradi. Bu esa Ukraina iqtisodiyotiga kuchli zarba bo‘lishi aniq.
Energiya manbalari taqchillashayotgan bir paytda Yevropa davlatlari ehtiyojmand aholiga moddiy ko‘mak berishni ma’qul ko‘rmoqda. Fransiya hukumati millionlab ehtiyojmand oilalarga 100 yevrodan bir martalik ko‘mak berilishini bildirdi. Ispaniya esa energiya kompaniyalarining 2,6 milliard yevrolik foydasini aholiga subsidiya tariqasida ulashmoqchi. Portugaliya bozorda narx oshayotganiga qaramay, energiya manbalari bahosini 2022 yilda o‘zgarishsiz saqlab qolishga qaror qilgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu kabi muvaqqat choralar energiya taqchilligi va aholi gardanidagi kommunal to‘lovlar yukini vaqtincha yengillatishga xizmat qiladi, xolos. Energiya bozoridagi qaltis vaziyat esa jiddiy harakatlarni talab qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter