Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azo bolalar qabristoniga aylanmoqda – BMT bosh kotibi

G‘azo bolalar qabristoniga aylanmoqda – BMT bosh kotibi

Isroil bombardimonida halok bo‘lgan bolasiga aza tutayotgan falastinlik.

Foto: AFP

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hujumlariga nishon bo‘layotgan G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urdi. Xalqaro tashkilot rahbari noinsoniy ommaviy jazolash amaliyotiga chek qo‘yish, qamalda qolgan mintaqa aholisiga gumanitar ko‘mak yetkazish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilgan. 

«Biz ushbu dahshatli, alamli, iztirobli va oxiri ko‘rinmayotgan vayronkor holatdan chiqish uchun hoziroq harakat qilishimiz kerak. G‘azo bolalar uchun qabristonga aylanmoqda. Har kuni yuzlab o‘g‘il-qizlar halok bo‘layotgani yoki jarohatlanayotganidan xabar topmoqdamiz», – deydi BMT yetakchisi. 

A.Guterrish Isroil xalqaro gumanitar huquqni ochiq buzayotganini qayd etgan.

«Isroil mudofaa armiyasining quruqliqdagi amaliyoti va muttasil davom etayotgan bombardimonlaridan tinch aholi vakillari, shifoxonalar, qochqinlar lagerlari, masjid, cherkov, BMT ob’yektlari, jumladan, boshpanalar ziyon ko‘rmoqda. Hech kim xatardan xoli emas», – deya G‘azoda yuzaga kelgan ayanchli holatni tasvirlagan Guterrish.

U HAMAS harakati tinch aholidan qalqon sifatida foylanayotganini ham qayd etgan.

Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi tizimida ishlagan 89 xodim o‘ldirilgan.

G‘azo aholisining ehtiyojlarini qoplash uchun har kuni kamida 500 ta yuk mashinada gumanitar ko‘mak zarur bo‘ladi. So‘nggi ikki hafta ichida esa atigi 400 ta mashinada gumanitar ko‘mak kiritilgan, xolos.

BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits G‘azoda 10 mingdan ziyod kishi halok bo‘lgani, 25400 dan ortiq kishi jarohatlangani, yuzlab odam vayronalar ostida qolayotganini ma’lum qilgan. BMTning yuqori martabali mulozimi falastinliklarning ommaviy o‘ldirilishi umuminsoniy qadriyatlarni savol ostiga qo‘yadi deb hisoblaydi.

Xalqaro tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, Isroil armiyasi hujumlaridan har o‘n daqiqada bir nafar falastinlik bola halok bo‘lmoqda.

HAMASni butkul yo‘q qilishni ko‘zlagan Isroil kuchlari G‘azoga havo va quruqlik orqali hujumlar uyushtirmoqda. 2,3 million nufusli mintaqa suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilingan.

Tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan larzaga tushgan dunyo hamjamiyati Isroildan xalqaro huquqqa rioya qilishni talab qilmoqda.

BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi G‘azo aholisi do‘zaxiy sharoitda qolganidan ogohlantirdi. Oliy komissarga ko‘ra, ayni paytda G‘azoda bombadan ihotalanish mumkin bo‘lgan joy yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring