Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azoda butun boshli oilaning yostig‘i quridi (foto)

G‘azoda butun boshli oilaning yostig‘i quridi (foto)

Muntazir al-Savvaf – G‘azoda halok bo‘lgan 73 nafar OAV xodimlaridan biri.

Isroil tashlagan bomba oqibatida G‘azoda Turkiyaning «Anadolu» axborot agentligi operatori Muntazir al-Savvaf va uning yaqinlari halok bo‘ldi. O‘n kun avvalgi aviahujumda Muntazirning ota-onasi, aka-singillari va jiyanlari – o‘nlab qarindoshlari ham hayotdan bevaqt ko‘z yumgandi.  

So‘nggi bomba hujumi payti Muntazir al-Savvaf og‘ir jarohatlangan. G‘azoda Isroilning keng ko‘lamli amaliyoti oqibatida sog‘liqni saqlash tizimi butkul izdan chiqqani ma’lum. Og‘ir ahvoldagi operatorni shifoxonaga shaxsiy mashinada olib borishgan. Shifokorlar dori-darmon yo‘qligi sabab bemorga ko‘mak ko‘rsata olmagan va u vafot etgan.

Xodimining vafoti munosabati bilan ta’ziya izhor qilgan «Anadolu» axborot agentligi rahbariyati ushbu qotillik aybdorlari jazoga tortilishini kerakligini ta’kidlagan. 

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ham «Anadolu» xodimining o‘limini tasdiqlagan. Qo‘mita hisob-kitobiga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon 54 nafar falastinlik, 4 nafar isroillik va 3 nafar livanlik jurnalist halok bo‘lgan.

G‘azo hukumati esa halok bo‘lgan falastinlik jurnalistlar soni 73 ta yetganini ma’lum qilgan.

Isroil harbiylari HAMASning hujumiga javoban qariyb ikki oydan buyon G‘azoda quruqlik va havoda harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. 1 dekabr kuni, olti kunlik gumanitar sulhdan keyin yahudiy harbiylari G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshladi.

Isroil bombalaridan halok bo‘lgan tinch aholi vakillari soni 16 mingdan oshdi. So‘nggi bir kun ichida 700 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan. 

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tinch aholi vakillari qonini to‘kishni to‘xtatishni talab qilmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hujumlariga nishon bo‘layotgan G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urgan va noinsoniy ommaviy jazolash amaliyotiga chek qo‘yish lozimligini aytgan.

G‘azoning 2,3 million aholisi ikki oydan buyon suv, oziq-ovqat, elektr energiya, yonilg‘i va tibbiy xizmatdan mahrum holda jon saqlamoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qamaldagi hududda yuqumli kasalliklar yanada keng tarqalishidan ogohlantirgan.

Kuni kecha halok bo‘lgan Muntazir al-Savvaf tasmaga muhrlagan suratlar orqali G‘azodagi vayronalar ko‘lamini tasavvur etish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring