Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gebreyesus JSST rahbarligiga qayta saylandi

Gebreyesus JSST rahbarligiga qayta saylandi

Tedros Adanom Gebreyesus.

Foto: WHO

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus ikkinchi besh yillik muddatga qayta saylandi.

Ayni kunlarda (22–28-may) 75-Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Uning doirasida JSST bosh direktori yopiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Ikkinchi muddat faoliyatini davom ettiradigan Gebreyesus qasamyod qildi. U 2027-yilgacha JSSTga rahbarlik qiladi.

Gebreyesus JSST tarixida bir paytning o‘zida 20 dan ziyod mamlakat tomonidan ilgari surilgan ilk nomzod bo‘ldi.

57 yoshli Tedros Adanom Gebreyesus Asmara shahrida (hozirgi Eritreya poytaxti) tug‘ilgan. 1986-yili Asmara universitetining biologiya bakalavrligini olgan. 1992-yili London universitetida yuqumli kasalliklar immunologiyasi bo‘yicha magistrlik, 2000-yilda Nottingem universitetida ijtimoiy yo‘naltirilgan sog‘liqni saqlash bo‘yicha doktorlik darajasiga erishgan.

Gebreyesus bezgak kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha dunyo miqyosida e’tirof etilgan mutaxassis sanaladi.

2003-yili Tedros Adanom Gebreyesus Efiopiya SSV o‘rinbosari, 2005–2012-yillarda sog‘liqni saqlash vaziri, 2012–2016-yillarda Efiopiya tashqi ishlar vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shundan so‘ng JSST rahbari etib saylangan ilk Afrika vakiliga aylandi va yana besh yil bu sharafli lavozimda mehnat qiladi.

JSST rahbari oilali, uch farzandi bor.

Ta’kidlash o‘rinliki, Gebreyesusning birinchi muddat rahbarligi davrida tashkilot juda og‘ir sinovga duch keldi — global koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash olib borildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring