«Germaniya Yevropa xavfsizligi uchun mas’uliyatni tan oladi» – Olaf Shols

Germaniya Yevropa hamda NATO hududi bo‘yicha xavfsizlik uchun mas’uliyatni chuqur his qiladi, bu o‘rinda «agar» va «lekin»larga aslo o‘rin yo‘q, dedi kansler Olaf Shols Myunxen shahrida tashkil etilgan an’anaviy xavfsizlik anjumanidagi nutqida.
Olmon yetakchisiga ko‘ra, Germaniya kabi iqtisodiy qudrat va jug‘rofiy joylashuvga ega mamlakat hozirgidek mushkul vaziyatda javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi maqsadga muvofiqdir.
NATO mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan mudofaa xarajatlarini oshirishni ko‘zlamoqda. Olaf Shols o‘z nutqida Germaniya ham NATO belgilangan ko‘rsatkichga muvofiq YaIMda mudofaa ulushini 2 foizga yetkazishini qayd etdi.
Siyosatchi Germaniya rus bosqiniga qarshi mardonavor kurashayotgan Ukraina bilan birdam ekanini ta’kidlagani holda, bu borada belgilangan siyosatda sobit ekanini urg‘uladi.
Rasmiy Berlin Ukraina bosqini boshlanganidan buyon mazlum davlatga turli yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Masalan, joriy yil yanvar oyida olmon hukumati «Leopard» tanklarini Kiyevga topshirishga rozilik bergan edi.
O.Shols Myunxendagi chiqishida ittifoqchilarni ham Kiyevga va’da qilingan «Leopard» tanklarini o‘z vaqtida yetkazishga undadi. Unga ko‘ra, Ukrainaga zarur qurollarning yetkazilishi haqsiz urushning tezroq yakunlanishiga xizmat qiladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin imperialistik maqsadlariga yeta olmasligini qancha tez tushunsa, urush shuncha tez xotima topadi, deydi O.Shols.
Germaniya kansleri BMT Bosh assambleyasidagi ma’ruzasida ham Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralagan, Kremlni imperializm siyosati yuritishda ayblagan edi.
Eslatib o‘tamiz, 17–19-fevral kunlari Myunxenda bo‘lib o‘tgan an’anaviy xavfsizlik mashvaratida 100 ga yaqin davlatdan siyosiy tahlilchilar, ekspertlar, 40 ga yaqin davlat va hukumat rahbarari, 100 ga yaqin tashqi ishlar va mudofaa vazirlari qatnashdi. Bu yil Myunxen anjumanida asosan Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatlari va urushni to‘xtatish yo‘llari muhokama qilindi. Nufuzli anjumanga 20 yillik muddat ichida ilk bor Rossiya rahbariyati taklif etilmadi. Anjuman raisi Kristof Hoysgen Kremlga propaganda uchun minbar berilmasligini ma’lum qilgan.
Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumani 1963-yildan buyon tashkil etib kelinadi. Tadbirda siyosatchilar, tahlilchilar, harbiylar va ishbilarmon doira vakillari tashqi siyosat, xavfsizlik, mudofaa kabi dolzarb yo‘nalishlarida fikr almashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter