Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

HAMAS Vashington taklifiga «ijobiy javob» berdi – BBC

HAMAS Vashington taklifiga «ijobiy javob» berdi – BBC

HAMAS harakati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha Vashington tomonidan ilgari surilgan so‘nggi taklifga «ijobiy javob» berganini ma’lum qilgan. Bu haqda BBC nashri ma’lum qildi.

Harakat ham o‘z bayonotida «yangi muzokaralar bosqichini darhol boshlashga jiddiy tayyor»ligini bildirgan. Biroq HAMAS Vashingtonning takliflarini qabul qilganini tasdiqlamadi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp HAMASdan sulh bo‘yicha bir kun ichida javob kutayotganini aytgan edi. Oq uy rahbari Isroil urushni yakunlash bo‘yicha zarur shartlarni qabul qilganini va bu asosda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinishi kutilayotganini bildirgandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, shu muddat mobaynida tomonlar urushni to‘liq tugatish yo‘lida ish olib borishi kerak.

AQSh tinchlik rejasi doirasida asirlikdagi 10 nafar tirik isroillik shaxsni bosqichma-bosqich ozod qilish va 18 nafar halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirish ko‘zda tutilgan.

Buning evaziga Isroil o‘z qamoqxonalarida saqlanayotgan ayrim falastinliklarni ozod qilishi kerak bo‘ladi. Hozirda G‘azoda 50 nafar isroillik garovda bo‘lib, taxminlarga ko‘ra, ularning 20 nafari tirik.

HAMASning asosiy talablaridan biri — G‘azo sektoriga oziq-ovqat va tibbiy yordamni to‘sqinliksiz yetkazishga ruxsat berish hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh takliflari orasida BMT va Qizil Xoch yordamida Falastin anklaviga yetarlicha gumanitar yordam yetkazish bandi mavjud. Shuningdek, reja bo‘yicha Isroil qo‘shinlari G‘azo hududining ayrim qismlaridan bosqichma-bosqich chiqarilishi ham ko‘zda tutilgan.

Biroq HAMAS uchun asosiy shart — 60 kunlik sulh tugagach, Isroil quruqlikdagi harbiy amaliyotlarini qayta boshlamasligiga kafolat berilishidir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring