Hayotdagi Shrek. U qanday odam edi?

Mashhur «Shrek» multfilmi yaratuvchisi Uilyam Steyg o‘z qahramonini professional restler (kurashchi) Moris Tiye prototipidan chizib olgan.
Moris Tiye 1903 yil 23 oktyabrda Rossiyada (Uralda) tug‘ilgan. Otasi muhandis, onasi o‘qituvchi edi.
Bolaligida Moris risoladagidek ko‘rinishga ega bo‘lgan. Otasi o‘sha paytda o‘lgani aytiladi.
Inqilob tufayli Tiye va onasi Rossiyani tark etib, Fransiyaga ketib qolishdi.
17 yoshida Tiyening salomatligida jiddiy nuqsonlar kuzatildi. Noyob kasallik tufayli tashqi ko‘rinishi beo‘xshov tus oldi. Akromegaliya oqibatida suyaklari kattalashib ketdi, asosan, yuz qismida. Vaholanki, u o‘smirligida regbining mohir o‘yinchisi edi.
Tiye Tuluza universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirgan edi, biroq ma’lum vaqtdan so‘ng xastalik zabtiga oldi va ovoz paylariga shikast yetdi. Kasallik tufayli yuridik faoliyatga aloqador maqsad va rejalarga nuqta qo‘yishga to‘g‘ri keldi.
«Ehtimol beo‘xshov ko‘rinishim bilan advokat bo‘lardim, lekin ovozim eshakning hangrashiga o‘xshaydi, eshitishga toqat yo‘q. Men VMSga kirdim», deb intervyu bergan edi o‘shanda Tiye. Tengdoshlari uning ustidan kulishgan.
«Meni maymun deyishardi, bundan qattiq xafa bo‘lardim. Mazax qilishlaridan qochib ko‘pincha kemalar to‘xtaydigan joyga borar va suv bo‘yida vaqtimni o‘tkazardim. Beso‘naqayligim va qiyofam qanday bo‘lishining u yerdagilarga sira farqi yo‘q edi...»
Tiye besh yil mobaynida VMSda muhandis bo‘lib ishladi. Keyin Karolis Pojela bilan tanishgach, uning da’vatiga ko‘ra, restling bilan shug‘ullandi. Bir necha marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uni «Fransuz farishtasi» der edilar.
1939 yili, Ikkinchi jahon urushi boshlangach, Tiye AQShga ketdi. Amerikada ham restling bilan shug‘ullandi. Yengilmas degan nom chiqardi, bir necha karra jahon chempioni bo‘ldi.
1945 yildan e’tiboran Tiyening sog‘lig‘i yomonlasha boshladi. Doimiy bosh og‘rig‘i, haddan ziyod toliqish, ko‘rishning zaiflashuvi zabtiga oldi.
1954 yil 5 sentyabrda Moris Tiyening do‘sti va promouteri Karolis Pojela saratondan vafot etdi. Xuddi o‘sha kuni yaqin insonidan ayriliqqa chiday olmagan Tiye ham hayotdan ko‘z yumdi. Ikki do‘st yonma-yon dafn etildi.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter