Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilhom Aliyev: «Neft la’natidan qutuldik»

Ilhom Aliyev: «Neft la’natidan qutuldik»

Ozarbayjon neft va gaz zaxiralariga ega bo‘lgan ko‘plab davlatlar duch kelgan neft la’natidan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Boku neftni taraqqiyotga aylantira oldi.

Bu haqda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev «Yevronyus» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Biz tabiiy boylikning adolatli taqsimlanishini ta’minlashga muvaffaq bo‘ldik. O‘tgan yigirma yil ichida biz Ozarbayjonda qashshoqlik darajasini 50 foizdan 5 foizga tushirdik. Bokuda ko‘rayotganlaringizning hammasi infratuzilmaning mutlaqo yangi rivojlanishi va odamlarning turmush sharoitini yaxshilanishi namunasidir», — dedi Ilhom Aliyev.

Jurnalist prezidentdan Ozarbayjon erishgan yutuqlar, Janubiy gaz koridorini muvaffaqiyatli ishlatish va rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar haqida so‘ragan.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha endigina boshlanayotgan paytda optimistlar ham, pessimistlar ham, buning iloji yo‘q deb hisoblaydiganlar ham bo‘lgan.

«Ammo biz qat’iyatli edik va bu mumkinligini bilardik. Lekin bizga keng xalqaro hamkorlik kerak edi. Biz esa yetakchi xalqaro moliya institutlarini o‘z mablag‘lari bilan qo‘llab-quvvatlashga taklif qilib, davlatlar o‘rtasida, kompaniyalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kirishdik. 3500 kilometrlik quvur esa endi haqiqatga aylandi. Bu endi orzu emas», — dedi prezident.

Aliyevning eslatishicha, loyiha hozirda ko‘plab mamlakatlarni qamrab oladi, chunki tabiiy gazni yangi manzillarga yetkazish imkonini beruvchi yangi interkonnektorlar paydo bo‘ldi.

Aslida, bu energiya ta’minoti geografiyasini, shuningdek, energiya xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni butunlay o‘zgartiradi, deya tushuntiradi prezident.

Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, qazib olinadigan yoqilg‘iga boy davlat yashil energiyaga o‘tish jarayonida davlatlar orasida birinchi o‘rinda turishi kerak.

«Biz buni an’anaviy resurslar yetishmagani uchun emas, balki moliyalashtirish, neft va gazdan olgan daromadlarimizdan qayta tiklanadigan energiyaga sarmoya kiritish va ularning ehtiyojlari bo‘yicha umumiy tushuncha yaratish orqali o‘z hissamizni qo‘shmoqchi bo‘lganimiz uchun qilyapmiz», — deya davom etadi prezident.

Aliyev Kaspiy dengizi sathi yildan-yilga pasayib borayotganiga e’tibor qaratgan. «Dengiz sohilida yashovchi har bir kishi buni, hatto Boku markazida ham ko‘radi. Biz iqlim o‘zgarishining xavfli oqibatlarini ko‘ryapmiz, ya’ni: daryolarimizda suv, tog‘larimizda qor kam, Kaspiy dengizida ham suv pasaymoqda. Bu muammoni birdamlikda hal qilmasak, bundan hamma zarar ko‘radi», — deya ogohlantirdi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring