Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilon Mask kutilmaganda Xitoyga bordi. Nega?

Ilon Mask kutilmaganda Xitoyga bordi. Nega?

Tesla kompaniyasi asoschisi, amerikalik tadbirkor Ilon Mask Xitoyga kutilmagan tashrif bilan bordi. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bortida Mask bo‘lgan shaxsiy samolyot 28 aprel kuni Pekinga qo‘ndi. Tadbirkorning Xitoyga borish rejalari oshkora e’lon qilinmagan. Maskning tashrifi 4 maygacha davom etadigan Pekin avtosalon tadbiriga to‘g‘ri keldi. Biroq, Tesla avtosalonda stendga ega emas.

Nashr manbalaridan birining ta’kidlashicha, Mask Xitoyda to‘liq avtonom avtomobillar (FSD) dasturiy ta’minotini joylashtirish masalasini muhokama qilish uchun yuqori martabali xitoylik amaldorlar bilan uchrashish niyatida. Shuningdek, u Xitoyda to‘plangan ma’lumotlarni xorijga o‘tkazish uchun ruxsat olishni xohlaydi.

FSD- Tesla avtomobillarida avtopilot dasturining eng ilg‘or versiyasi. Mijozlarning qo‘ng‘iroqlariga qaramay, kompaniya uni Xitoyda hali taqdim etmadi. Avvalroq Mask Tesla FSD’ni Xitoyda «tez orada» chiqara olishini aytgan edi.

Tesla o‘n yil oldin Xitoy bozoriga kirganidan beri 1,7 milliondan ortiq avtomobil sotdi. 2021 yil holatiga ko‘ra, kompaniya Xitoy regulyatorlari talab qilganidek, Shanxayda o‘z avtomobillari tomonidan to‘plangan barcha ma’lumotlarni saqlaydi va ularni Qo‘shma Shtatlarga o‘tkazmaydi. Shanxayda Tesla zavodi ham joylashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring